1948-yilda o’z musaqilligini e’lon qilgan Isroil mamlakatni demokratik va yahudiylar davlati deb belgilagan edi. Kuni kecha Isroilda qabul qilinib yahudiylar tarafidan qo’llab-quvvatlangan, biroq arab fuqarolarining jiddiy noroziligiga sabab bo’lgan yangi qonun bu ikki millat o’rtasidagi huquqiy muvozanatning buzilishiga olib kelishi mumkun.
19-iyul kuni Isroil parlamenti Knesset mamlakatni rasman yahudiylarning milliy davlati o’laroq e’lon qilgan yangi qonunni tasdiqladi. Qonun loyihasi keskin bahslarga sabab bo’ldi. Jumladan, arab millatiga mansub paralament a’zolari uni mohiyatan “aparteid” siyosatiga teng deb atadi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi arab va boshqa musulmon mamlakatlar, Yevropa Ittifoqi va liberal qarashlarga ega turli qatlamlar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Jumladan, AQShdagi 14 yahudiy tashkilotlari guruhi Knesset muxolifati lideri Isaak Xersogga ushbu qonun yuzasidan o’zlarining jiddiy xavotirini bildirdi hamda qonunni “zamonaviy demokratik normalar va inson huquqlariga zid” deya e’tirof etdi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qonunni “Sionizm va Isroil davlati tarixidagi eng esda qolarli lahza” deb atadi.
Shuningdek, Netanyaxu dushmanlar Isroilning legitim davlat sifatida tan olinishiga qarshilik ko’rsatib kelayotgani, biroq Isroil davlatchiligi endilikda o’zining qonuniy asosiga ega bo’lganini ta’kidladi.
Netanyaxuning o’ng qanot koalitsiyasi hamkorlari ushbu yangilikni ko’tarinki ruhda nishonlayotgan bo’lsa, Isroil aholisining 20 foizini tashkil etuvchi arablar dahshatga tushgan.
Qonunchilik vakili, arab millatiga mansub Ahmad Tibiga ko’ra, qonun rasizmga asoslangan.
“Millatchilik qonuni bu nafratga asoslangan jinoyat. Ular arab fuqarolarga, ozchilik bo’lgan arablarga nisbatan ayirmachilik qilyapti”, - deydi qonunchi.
Netanyaxuning ma’lum qilishicha, aholining kamchilik qatlami Isroilda barcha huquqlarga ega, biroq ko’pchilikni tashkil etuvchi qatlamning ham o’z huquqlari mavjud. Ushbu qonun kelgusi avlodlar uchun ham yahudiylarning qonuniy maqomini belgilab beradi, dedi u.
Siyosiy tanqidchilarning fikriga ko’ra, ushbu qonun Isroilning Falastinga nisbatan keskin munosabati yuzasidan shundoq ham xalqaro miqyosda shakllangan salbiy fikrlarning yanada kuchayishiga sabab bo’ladi.
Isroillik siyosatshunos Shlomo Avinerining aytishicha, mazkur qonun dushmanlar, shuningdek, Isroil davlatini ayirmachilikda ayblovchi qatlamlar uchun tayyor qurol vazifasini bajaradi.