Pokistonda 25-iyul kuni parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Unda ishtirok etish uchun terrorizmga aloqador shaxslar va guruhlarning ham kurash olib borayotgani ko'pchilikda xavotir uyg'otmoqda.
BMT va AQSh tuzgan terrorchilar ro'yxatidan o'rin olgan Hafiz Said Islomobodda saylov kampaniyasi olib bormoqda. Saylov komissiyasi uning Milliy musulmonlar ligasi partiyasini ro'yxatdan o'tkazmagach, partiya o'z nomzodlarini Allohu akbar harakati nomidan olg'a surdi. Bu nomzodlar o'z bannerlariga Saidning suratini qo'ymoqda. Milliy va mahalliy qonunchilik organlari uchun Allohu akbar harakatidan 250 nomzod ko'rsatilgan.
"Yetakchilarimiz oxirgi 5-6 oyda saylovda qatnashishga qaror qilishdi. Munosabat juda ijobiy. Odamlar eski siyosiy partiyalardan charchagan. Hech biri oddiy odamlarga biror narsa bermadi", - deydi harakat nomzodi Chaudri Said Gujjar.
Minglab shia musulmonlar o'limida ayblanuvchi ASVJ guruhi ham yangi nom ostida o'z nomzodlarini taqdim etgani aytilmoqda. Partiya yetakchisi Muhammad Ahmad Ludianvining nomi o'tgan oy nazoratdagilar ro'yxatidan chiqarilgan va mol-mulkiga, sayohat qilishiga qo'yilgan cheklovlar bekor qilingan.
Pokistonning xavfsizlik institutlari zo'ravon ekstremizmni yo'q qilish uchun bunday guruhlarni muloqotga jalb etish kerak degan fikrda. Ammo, deydi tahlilchilar, radikalizmdan qaytarish bo'yicha mukammal rejasiz ularni siyosat maydoniga olib chiqish xavfli.
"Butun dunyo va bizdagi tasavvur shuki, ularni qayta tarbiyalash bo'yicha reja yo'q. Aksincha, bu ularning ta'sirini oshirish rejasiga o'xshaydi", - deydi tadqiqotchi Amir Rana.
Pokistonning asosiy partiyalari ham bunday guruhlarning siyosatda faollashganidan xavotirda. Bir necha senator saylov komissiyasini radikal guruhlarni saylovga qo'yish oqibati yomon bo'lishidan ogohlantirdi.
Saylov komissiyasi uch nomzoddan taqiqlangan guruhlarga aloqasi haqida tushuntirish berishni so'ragan. Yana boshqa ko'plab shunday shaxslarning nega saylovda qatnashishiga ruxsat berilgani haqidagi savollarga esa javob berishni istamadi.