Pokiston Qo'shma Shtatlar bilan munosabatlarini qayta ko'rib chiqar ekan, Afg'onistonga yuk yetkazuvchi yo'llar yopilishi mumkin degan xavotir bor.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xurram Dastgir Xon ayni damda ikki davlat bir-biri bilan gaplashmayotgani, yuqori doiradagi aloqalar to'xtab qolganini ma'lum qildi.
Tramp ma'muriyati Pokistonni terrorizmni moliyalovchi davlatlar ro'yxatiga qo'shishga chaqirib kelmoqda. Qora ro'yxatni Parijda asoslangan "Moliyaviy Ishchi Guruh" degan tashkilot tuzadi. Hozirda Pokiston guruhning kulrang ro'yxatida.
Vashingtonning yillardan buyon shikoyati shuki, Islomobod Tolibon va boshqa terrorchi guruhlar bilan zimdan aloqa qiladi. Bu aloqalar uzilmas ekan, bosimni oshiramiz, deb keladi Prezident Donald Tramp.
Pokiston terrorchilar bilan til biriktirgani haqidagi da'volarni qat'iyan rad etadi. Afg'on mojarosini hal qilish sa'y-harakatlari natija bermayotgani uchun bizni ayblamang, deydi rasmiylar.
"Pokistonni eshitishmayapti. Vashingtonda bizni qoralashyapti, lekin eshitishni istashmaydi", - deydi Tashqi ishlar vaziri Xurram Dastgir Xon.
"AQSh bizni, NATO a'zosi bo'lmagan yirik ittifoqchisini, qora ro'yxatga qo'shishga undashi munosabatlarimizni qayta ko'rib chiqshga majbur qilmoqda".
Amerikalik general-leytenant Kennet Makkenziga ko'ra, Pokistondan Afg'oniston tomon ta'minot yo'llari hamon ochiq, yuk tashish davom etmoqda.
O'tgan oy Tramp ma'muriyati AQShdagi pokistonlik diplomatlarning erkin harakat qilishini cheklab qo'ydi. Ular o'z idorasidan 40 kilometr radiusdan tashqariga chiqishi uchun ruxsat olishi kerak. Pokiston ham amerikalik diplomatlarga nisbatan shunday cheklov joriy etdi.
Pokiston 17 yil ilgari terrorizmga qarshi kurashga qo'shilganidan buyon AQShdan milliardlab dollar ko'mak olgan. Ammo bu yili, deydi Pokiston vaziri, hech qanday yodam olganimiz yo'q.
Facebook Forum