Tojikiston va O’zbekiston prezidentlarining shu yil avgustda kutilayotgan rasmiy uchrashuvlari ikki qardosh davlat aloqalarini yangi bosqichga ko’tarishi kutilmoqda. Bungacha O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning bahorda Dushanbega qilgan tashrifidan so’ng o’rtada chegaralar ochilib, xalq uchun katta yengilliklar berilgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Chegara bilmas ijtimoiy tarmoqlarda birlashgan Tojikiston va O’zbekiston yosh ijodkorlari fursatdan foydalanib, AQShda yashayotgan asli samarqandlik shoira Marziya Sodiqovaning tashabbusi bilan Toshkentda uchrashuv o'tkazishdi. Ikki mamlakatdagi o’ttizga yaqin ijodkorlarining diydorlashuvi Toshkentning Chilonzor dahasida, Bo’rijar arig’i sohilidagi so’lim “Sokin diyor” choyxonasida o’tkazildi.
Unda ishtirok etgan tojikistonlik agronom-shoir Roziqul Alimardonov o’n yildan ortiq ikki qardosh mamlakat orasidagi chegaralarning batamom berkitilgani, yo’llar oshilganda Toshkentga borishni orzu qilganini aytadi.
"Bugungi kunga kelib, ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati natijasida chegaralar ochildi. Avvalosi, o’zbek va tojik xalqi azal-azaldan bir-biriga do’st, qardosh bo’lgan xalq, albatta, bu do’stlik Navoiy va Jomiylardan ilgari ham bo’lgan. Chegaralar ochilgandan so’ng Toshkentga borish, qadimiy joylarni ziyorat qilishni niyat qilgandim, orzularim amalga oshdi. Chegaradan o’tib, ikki soatda Toshkent shahriga yetib bordik, u yerda bizni ijtimoiy tarmoqlarda tanishib, do’stlashgan yoh ijodkorlar kutib olishdi. Asli samarqandlik bo’lgan, hozirda AQShda istiqomat qilayotgan yosh o’zbek shoirasi Marziyabonu uchrashuviga shoshilgan edik.
"Chegaralar yopiq paytida ham biz ijtimoiy tarmoqlarda yosh o’zbek ijodkorlari bilan do’stlashib ulgurgan edik. Toshkentdagi uchrashuvda bizni iqtidorli shoiralardan Zilolabonu, Marhabo Shodmonova, shoira va yozuvchi Iroda Umarova, qashqadaryolik yosh shoira Nilufar Kamolova va O’zbekistonning boshqa viloyatlaridan kelgan yosh ijodkorlar “Sokin diyor”oromgohida kutib olishdi. Ertalab soat o’ndan kech soat oltigacha davom etgan uchrashuv juda maroqli o’tdi. Biz yuz yillik qadrdonlardek suhbat qurdik, siyohi qurimagan ijod namunalaridan mushoira bo’ldi. Kechki salqin tushishi bilan Toshkent shahrining sokin oqshomida sayrga chiqdik, taassurotlarimiz ulkan bo’ldi.
Shu yilning mart oyida O’zbekiston Prezidenti Shavkat Marziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi bo’lib o’tgandi. Albatta, bu tashrifdan xalq xursand bo’lib, mehmonni chin dildan kutib olishgan edi. Mana yaqinda Farg’onada ikki mamlakat bosh vazirlari Qohir Rasulzoda va Abdulla Aripovlarlarning uchrashuvi bo’ldi, unda ko’pgina masalalar ko’rildi, avgust oyida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O’zbekistonga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Biz bir oddiy fuqaro sifatida albatta bu ushrashuvlardan juda ham xursandmiz, bordi-keldi yanada yaxshi bo’lishini umid bilan kutamiz. Bizning uchrashuvlarimiz esa liderlarimiz siyosatini mustahkamlovchi xalq diplomatiyasi bo’ladi, kelajakda yanada yaxshi bo’lishiga umid qilamiz.
Har ikki mamlakatda ham davlat idoralari bor, ijodkorlarning rasmiy uyushmalari bor. Lekin xalq diplomatiyasi ham katta kuch, biz o’zimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali uyushib, Toshkentdan shoira Zilolabonu, Tojikistonning Panjakent shahridan shoir Elyorning tashabbusi bilan bu yil ikki qo’shni mamlakatdan qirqdan ziyod ijodkorlarning “Mehrgiyo” nomli yangi to’plamni chop qildik, kelajakda bu ishni yanada rivojlantirishni istaymiz", -deydi Roziqul.
Yoshlar norasmiy tarzda o’zlari birlashib, xalq diplomatiyasini amalga oshirib borar ekan, orada O’zbekiston davlat idoralarining Tojikistonda o’zbek ma’naviyat va ma’rifatini ko’tarish borasidagi harakatlari ham rivoj topmoqda.
Toshkent markazidagi yirik “Sharq ziyokori” kitob magazini direktori Umidjon Xoliqov Tojikiston bilan adabiy kitoblar savdosi yo’lga qo’yilayotganini mamnunlik bilan qayd etadi.
"Bizlarni O’zbekiston yozuvchilarimiz Tojikistonga ketishayotganda, iltimos, bizga aloqaga chiqadigan biror odamni topinglar, kitoblarimizni uyoqqa yetkazsak bunga bosh-qosh bo’lib turadigan, birdamlikda ishlaydigan odam kerak, deb shunaqa taklif qilgan edim. Tojikistondan “Zamon”gazetasi Bosh muahrriri Ozodjon degan yigit, Xolbuvi degan qizlar bor ekan, shular chiqishdi. Buyog’i tasodif: ular ish bilan bu yerga keladigan bo’lib qolishdi, oldimga kelishdi, uchrashdik, shu yerning o’zida tez-tez gaplashib turdik, ishlarimiz bir oy mohokama bo’ldi. Mana hozir shuning mevasini, Xudo xohlasa, ko’ramiz. Mana bugun talablarga qarab badiiy kitoblarning o’n besh million so’mlik birinchi partiyasi Tojikistonga ketdi, ehtiyojga qarab uning nusxalarini ko’paytirib, yanada boyitib boraveramiz. Bu hozircha boshlang'ich ish, mashinamiz ham uncha katta yuk mashinasi emas, shuning uchun ko’p kitob olmaydi. Lekin ish bu bilan to’xtab qolmaydi, ularga har hafta-har hafta kitob yetkazib berishni o’zimizga rejalashtirib qo’yganmiz. U yerda kitoblarimiz borib-borib kamida ellik million so’mlik assortimentga aylanadi", - deydi Umidjon.
Bunday kitoblar savdosi uchun Tojikiston shaharlari markazida rasmiy ijozat va sotuv nuqtalari bo’lishi kerakmasmi degan savolga Umidjon bunga harakat borligini aytadi.
"Hozir ishni birlamchi boshlanishi uchun Tojikistonda “Zamon” gazetasining kitob do’konlaridan foydalanib turamiz, bizda barcha hujjatlar tayorlanmoqda. Ular hukumat darajasida O’zbekistondan sizlarni madaniyat vazirliklaringizga rasmiy maktub bilan chiqiladi va shu bilan alohida bino qilinib, o’zbek adabiyotini tojikistonlik o’zimizning qardoshlarga yetkazish maqsadida ish tutilmoqda. Hozir Tojikistondagi o’zbeklar ham, O’zbekistondagi tojiklar ham o’zlarida paydo bo’lgan ma’naviy bo’shliqni to’ldirishga ehtiyoj sezadi, buni ikki davlat rahbarlari ham e’tirof etishmoqda, ushrashuvlarida bu borada amaliy ishlar qilinishiga kelishib olingan. Katta-katta iqtisodiy-ijtimoiy yutuqlarga erishib borilayotgan bir vaqtda biz ham bir chekkada qolib ketmasligimiz kerak deb, biz ham shuni boshlamoqchi bo’ldik va mana birinchi natijalarga erishib turibmiz. Endi bu degani faqat Tojikistonga O’zbekiston kitoblarini olib borish emas, Tojikiston adabiyotini O’zbekistonga ham olib kirishni maqsad qilib olganmiz, ish ikki tomonlama olib boriladi", - deydi Umidjon.
Xo’jandda bunday ma’rifat ishiga bosh qo’shgan “Zamon” gazetasi bosh muharriri Ozodjon Meliboyevning aytishicha, Tojikistonda Maqsatoy ismli ayol o’zbek kitoblari chakana savdosi bilan mashg'ul, ammo cheklangan va tor mavzularda.
"Men kuzatib, o'rganib qarasam, opa ko'proq diniy va detektiv adabiyotlar, Ahad Qayyum, Muahammad Yusuf, Tursunoy Sodiqova, Marhabo Karimovalarning kitoblari savdosi bilan cheklanib qolgan ekanlar, ehtimol bu ehtiyojga ko’radir, buyam yaxshi, odamlar shuni o’qishar. Lekin mukammal badiiy asarlar bizga juda kam kelar ekan.
Toshkentda prezident maslahatchilari bilan, Qahramon Quranboyev bilan uchrashdim, “Kitoblar olami” kutubxonasi, “Sahrq ziyokori” kitob magazinlari bilan tanishdim, u yerda haqiqiy badiiy kitoblar ham ko’p. Bizda badiiy kitoblarga ehtiyoj kamroq ekan, lekin baribir ma’rifatni ko’tarish kerak-ku, bizdagilar xohlagan paytda istaganini topa olmaydi-ku. Ittifoq vaqtida chop etilgan yaxshi badiiy kitoblar qariybki yo’qolib boryapti, juda kam qolgan. Hozir har bir xonadonda ilgarigi badiiy kitoblar topilmaydi, yangilari yo’q. Mayli, detektiv asarlar o’qishsin, ular yengil adabiyot, undan keyin asta-sekin, ohista-ohista boshqalariga o’tib borishadi, ana shu badiiy kitoblar masalasida bo’shliq bor ekan, shuni to’ldirishimiz kerak", - deydi Meliboyev.
Tojikistonda, O’zbekistonda ziyolilar ham, oddiy xalq ham ikki qardosh mamlakatlarning aloqalari taraqqiyotidan juda mamnun.
Mahalliy tahlilchilarga ko’ra, ma’rifiy-madaniy va savdo-sotiq aloqalarini rivojlantira borib, mintaqa siyosiy birligiga qarab o’sish kerak.
"Bu borada Yevropa ittifoqidan o’rnak olsak, tarixiy birligimizni tiklasak, qadimiy o’lka yaxlitligiga erishar edik, barchaning qalbidagi bu orzu yuraklarda qolib ketmasligi kerak", - deydi ular.