“GM O’zbekiston” mahsulot narxlarini oshirish yoki inqirozga yuz tutish tanlovi qarshisida qolgan. Avtomobil narxlari 20 foizga oshirilishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqda keskin norozilik keltirib chiqarishi ortidan “O’zavtosanoat” mahsulot bahosini ko’tarish qaroridan qaytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Mustaqil ekspertlar nazarida bu - vaqtinchalik chora. Zavod tanlov yoqasida qolgan, mahsulot narxlarini oshiradi yoki inqirozga tushganini e’lon qiladi.
20 yil davomida turli imtiyozlar asosida faoliyat yuritib kelgan o’zbek avtomobilchilik sanoati iqtisodiyot erkinlashar ekan, haqiqiy raqobat bilan to’qnash kelmoqda.
Mustaqil O’zbekiston iqtisodiyotining asosiy yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etib kelingan Asaka avtomobil zavodi inqiroz yoqasida. So’nggi yilda mamlakat iqtisodiyotining bir qadar liberallashgani, konvertatsiya erkinlashishi uzoq yillar hukumatning maxsus imtiyozlari asosida faoliyat yuritib kelgan bu zavodni inqirozga yaqinlashtirgan.
O’zbek avtomobilsozligining 20 yillik q faoliyatini tahlil qilayotgan ekspertlarga ko’ra, mamlakat, shu jumladan fuqarolar ham bu sanoatdan qanchalik yutgani haqida aniq bir narsa deyish qiyin, chunki bu zavodga berilgan imtiyozlar, ular asosida qilingan hisob-kitoblar iqtisodiyot qonuniga zid bo’lib kelgan.
O’zbekiston moliya vazirligining sobiq mutaxassisi, iqtisodchi Saparboy Jubayev:
Butlovchi qismlar bahosi ikki barobarga ko’tarilgan ekan, mashinani avvalgi narxda sotishda davom etish - bu bankrotlikka olib keladi.
“Zavoddan real foyda - o’zbekistonliklarning yangi mashina minishgani, eksportdan tushgan daromad bo’ldi. Lekin buni iqtisodiy jihatdan normal balansga solib hisoblash imkoniyati yo’q, chunki valyuta siyosatining o’zi noto’g’ri edi. O’zbekistonda hali iqtisod yopiq, konvertatsiya ruxsat berilmagan paytlarda ham bu zavod o’z mahsulotini asosan Rossiya, Ukraina Qozog’istonga eksport qilib keldi. Eksportdan tushgan pullar esa O’zbekistonda davlatning moliyasi hisoblanardi. Bu mablag’ masalan tijorat asosida zavodning o’ziga tushganida, ehtimol ishlab chiqarish yanada rivojlanishi mumkin edi. O’zbekistondagi tartibga ko`ra eksportdan tushayotgan mablag’ bu davlatniki. Ammo zavodga so’m ham kerak, masalan Markaziy Bank orqali vayutasini sotsa, hozirgi 8 ming so’m o’rniga deylik 4 ming so’m olardi. Ya’ni uning mablag’i ikki barobarga qadrsizlanardi. Bugun konvertatsiya ochilgan, kimdir bir dollarga narsa sotsa, unga 8700 so’m oladi. To'rt ming olgan korxona esa, bizga endi byudjetda yordam beringlar deb turardi. Karimov davrida bu deyarli qonunga aylandi, buni hammasini Moliya vazirligi nazorat qilib keldi, bugunga kelib hammasi ochila boshlagach zavodning ichki, tashqi bozorga sotayotgan mahsulotlari narxi bo’yicha tarang vaziyat yuzaga keldi”, - deydi Jubayev.
“O’zavtosanoat” ichki bozor uchun avtomobil narxlari 20 foizga yaqin oshirilishini e’lon qilar ekan, ijtimoiy tarmoqda keskin norozilik yuzaga chiqdi. Uzoq yillardan buyon O’zbekistondagi yakka monopol sotuvchiga, ishlab chiqaruvchiga aylangan bu zavoddan odamlarga foyda bor-yo’qligi haqida munozaralar boshlandi.
Saparboy Jubayev tahlilicha, zavodning foyda-zarari bilan bog’liq mojaro aslida uning nosog’lom iqtisodiy muhitda faoliyatga kirishganiga borib taqaladi.
Moliya vazirligi ularga senga endi yordam bera olmaymiz, konvertatsiya ochildi, deyapti. Ya’ni ishlab chiqarishda pastdagi muvozanat buzildi.
“Bu zavod o’sha vaqtlardan buyon Moliya vazirligining yordamiga o’rganib qolgan, bugun konvertatsiya ochilib, hamma narsani bahosi ko’tarildi, elektr energiyasidan, boshqa kommunal to’lovlardan boshlab, Moliya vazirligi ularga senga endi yordam bera olmaymiz, konvertatsiya ochildi, deyapti. Ya’ni ishlab chiqarishda pastdagi muvozanat buzildi. Zavod avtomobillarni narxini ham shunga yarasha oshirishga, raqobatga kirishishga majbur. Masalan avval tashqi bozorda o’zbek avtomobili eng arzon edi, kopchilik shuni olardi, bu ichkaridagi konvertatsiya hisobiga qoplanardi. Endi bu narsa yo’q, valyuta erkin, birdaniga bahoni ko’tarishga esa siyosat ruxsat bermayapti, lekin ko’tarmasa bo’lmaydi. Boshqa eng muhim jihati - butlovchi qismlar xorijdan keltiriladi, ularning bahosi ham valyuta erkinlashishi barobarida bir necha barobarga oshdi, bu degani mashinani tannarxi ham bir necha barobarga oshdi, degani”, - deydi Jubayev.
“GM O’zbekiston” yuzasidan muhokamalarda nima sababdan arzon ish kuchiga, ichki bozorda ulkan imtiyozga, ehtiyojga ham ega bu zavod hamon o’zini oqlay olmayotganidan norozilik kuchli. Ko’pchilik zavod mahsulotlariga nisbatan talabda ham turli qing’irliklar mavjudligini ta’kidlaydi.
Jubayev deydiki, zavod uchun haqiqiy sinov endi, O’zbekistonda bozor iqtisodiyoti qaror topayotgani ortidan boshlanmoqda. Raqobatga kirishayotgan zavod o’z mahsulotini 20 foizga emas, 30-35 foizgacha oshirishga majbur, aks holda inqirozga yuz tutishi mumkin.
“To’g’ri, ish kuchi arzon, ammo buni avtomobil tannarxini belgilashdagi ta’siri juda kichik. Butlovchi qismlar esa mashina tannarxining 60 foizini tashkil qiladi. Butlovchi qismlar bahosi ikki barobarga ko’tarilgan ekan, mashinani avvalgi narxda sotishda davom etish - bu bankrotlikka olib keladi. Shunday ekan, mashinalar bahosi oshishi muqarrar, baholar jahondagi shu toifadagi mashinalar qiymatiga tenglashadi, zavod raqobatga kirishishi, o’z bahosini sifati hisobiga yaxshilashga majbur, avvalgi g’irromlik endi o’tmaydi”, - deydi tahlilchi.
30-iyul kuni Xalqaro press klubda “O’zavtosanoat” rahbari Shavkat Umrzoqov 1-avgustdan boshlab “GM O’zbekiston” mahsulotlari narxi 15 foizgacha oshishi haqida e’lon qilgan edi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda o’zbek avtomobilsozlik sanoati keskin tanqidga uchradi.
1-avgust kuni “O’zavtosanoat” rasmiy sahifasida “GM O’zbekiston” avtomabillari narxi o’zgarmagani, narx oshirlishining ijobiy-salbiy tomonlari o’rganib chiqilayotgani haqidagi e’lon paydo bo’ldi.