IShID tahdidi to’g'ri baholanyaptimi?

  • Amerika Ovozi

IShIDga qarshi hujumlar bo’yicha AQSh boshchiligidagi koalitsiya taqdim etayotgan hisobotlar bir qarashda shubhali tuyuladi.

Bir paytlar Iroq va Suriyaning bepoyon kengliklarini egallab turgan va o’zini xalifalik deb e’lon qilgan guruhning nazorat doirasi bugun sharqiy Suriya hududlarida 300 kvadrat kilometrgacha qisqargan.

“Ular juda tarqoq, juda betartib harakat qilishadi”, - deydi IShIDga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyaning fuqaroviy-harbiy operatsiyalar bo’yicha direktori general Frederik Parizo Pentagon muxbirlarining savollariga javoban.

Uning hisob-kitoblariga ko’ra, “bir necha yuz” jangarilar qolgan, xolos.

Biroq ISHIDga qarshi janglar bilan bog’liq uzoq muddatli tajribalar shuni ko’rsatadiki, maxsus xizmatlarning ehtimollari xato, ozchilik deb taxmin qilingan jangarilar soni ko’proq va qudratliroq bo’lib chiqqan.

“Bir IShID jangarisi ham ko’pchilik degani”, - deydi general Parizo terrorchilar haqida.

“Biz hanuz yirik harbiy operatsiyalar bilan bandmiz, jang qachon yakun topishi borasida aniq xulosa qilish qiyin”, - deya qo’shimcha qiladi u.

IShID tahdidining Suriyadagi ko’lami borasida savolga tutilgan boshqa AQSh harbiy qo’mondonlari ham batafsil ma’lumotlarga ega emas.

“Ular hamon hujumlar uyushtirmoqda, demak, jangarilar hajmi ham ana shunga yarasha”, - deydi AQSh harbiy qo’mondonlaridan biri “Amerika Ovozi” muxbiri bilan suhbatda.

Tahdidni miqdoriy baholash

Jangarilar sonini aniqlash – tahdidni miqdoriy baholash – uzoq yillardan beri shubhali va bahsli masala bo’lib kelgan.

Terrorchi guruhlar eng qudratli kuchga aylangan 2015-yillarda AQSh maxsus xizmatlari va harbiy qo’mondonlarining bir necha oylar mobaynida umumiy qabul qilingan konservativ hisob-kitoblariga binoan, IShID tarkibida 33000 jangari bo’lgan. Ayni paytda, bir qator AQSh rasmiylari koalitsiya tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlarida kamida 50000 jangari yo’q qilinganini bildirishgan edi.

IShIDning tarkibini muqim saqlab turishiga izoh berar ekan, razvedka va hariylar ma’muriyati terrorchi guruhlarning oyiga 2000 ga yaqin yangi jangarilarni o’z saflariga jalb qilishlariga urg’u berishgan.

Biroq mustaqil tahlilchilarning fikriga ko’ra, rasmiylar taqdim etayotgan hisob-kitoblar shubhali va amaldagidan ancha kam.

“Aniq raqamlarni hech kim bilmaydi, biroq bir necha yuz jangari qolganligi borasidagi hisob-kitob amaldagidan juda kamligi muqarrar”, - deydi Demokratiyani himoya qilish fondi katta ilmiy xodimi Tomas Joselin.

“IShID kuchlari o’z cho’qqisiga yaqin holatda emas, shiningdek, uni chumolilar tepaligiga ham tenglab bo’lmaydi. Terrorchilar AQSh boshchiligidagi kuchlar ularni o’z hududlaridan siqib chiqarishlarini avvaldan bilishgan va tarkiblarini to’liq yo’qotmaslik chorasini ham ko’rib qo’yishgan”, - deydi u.

Mustaqil analitiklarning maksimal hisob-kitoblariga ko’ra, Suriya-Iroq chegarasida koalitsiya kuchlariga qarshi hujum uyushtirayotgan bir necha yuz jangarilardan tashqari Suriya hududining o’zida 7000 dan 9000 gacha jangari bo’lishi mumkin.

AQSh rasmiylari raqamlar masalasida juda ehtiyotkor. Ular IShID jangarilarining tarkibini baholash munozarali masala ekanini guruhning kichik chaylalardan qo’nim topib, hujum uchun qulay vaqtni kutib yotgan bo’lishi mumkinligi ehtimoli bilan izohlaydi.

“Hatto chegaraning Iroq tomonida, o’ylaymanki, ayni muammo u yerga ham tegishli, jangarilardan tozalangan zonalarda biz va iroqliklar uchun IShIDning qancha kuchi saqlanib qolganini bilish munozarali masalaligicha qolmoqda”, - deydi Pentagon qo’mondoni Kristofer Mayer.

IShIDning qayta tiklanishi borasidagi xavotirlar

Iroq rasmiylari bir yildan ziyod vaqt mobaynida turli hujralarda yetishayotgan yangi kuchlar xavfidan ogohlantirib kelmoqda. Jumladan, ana shu hujralardagi o’smirlar antiterror kuchlari tomonidan hujum qilish uchun juda yosh, biroq kelajakda IShID janglarini amalga oshirish uchun yetarli darajada ongi zaharlangan ayni kuchga to’lgan yoshda.

Jumladan, Erbil shahrida hukumat binosiga IShID jangarilari ekani taxmin qilinayotgan 3 terrorchi tomonidan uyushtirilgan qurolli hujum tafsilotlariga tayanib, Iroqda shakllangan xavf allaqachon o’z mevasini bera boshlaganini aytish mumkin.

Erbildagi kurd rasmiylari qurolli shaxslarning ikkitasi 16, bittasi 18 yoshda ekanini aniqlagan.

IShID tarafidan Iroqda amalga oshirilgan hujumlar muntazam ravishda oshib bormoqda, hatto AQSh rasmiylari ham terror tahdidining to Bag’dodga qadar yetib borgani yuzasidan xavotirlarini bildirgan.

Shunday xavotirlar ham borki, yuzlab IShID jangarilari Suriyaning Rossiya tarafidan qo’llab-quvvatlanadigan kuchlari egallagan hududlarda boshpana topgan bo’lishlari ham mumkin.

“IShID jismoniy guruh emas. U – g’oya. Biz ana shu g’oyaga qarshi kurashayapmiz”, - deydi AQShning yuqori martabali rasmiylaridan biri.