Tehronga qarshi sanksiyalar qayta kuchga kirar ekan, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronni “normal davlat” sifatida faoliyat yuritishga undadi.
“Bu, avvalo, eronliklarning o’z hukumatlariga nisbatan noroziliklari bilan bog’liq, Prezident Tramp bu borada oshkora fikr bildirdi. Biz eronliklarning o’z yetakchilarini tanlashda kuchli ovozga ega bo’lishlarini istaymiz”, - dedi Pompeo muxbirlarga javob berar ekan.
Eronning avtomobil, oltin, ko’mir va po’lat sanoati kabi ko’plab sohalarini o’z ichiga olgan sanksiyalar 7-avgust kuni kuchga kiradi. Shuningdek, Eron hukumatiga Yevropa va Amerika samolyotlari hamda AQSh banknotalarini sotib olish taqiqlanadi.
Sanksiyalar qo’llanayotgan sohalarga aloqador tadbirkorlar va bizneslarga o’z faoliyatlarini tugatishlari uchun 90 kunlik muhlat berilgan edi. Ana shu muhlat 6-avgust kuni yakuniga yetdi.
Eronning energetika eksporti va Markaziy bankiga nisbatan sanksiyalar 5-noyabrdan qayta kuchga kirishi belgilangan.
Avval bekor qilingan sanksiyalar Eron va yana 5 mamlakat bilan yadro dasturi bo’yicha 2015-yilda imzolangan bitimdan AQSh chiqib ketgandan so’ng qayta kuchga kirmoqda.
Aksariyat sanksiyalarni bekor qilish uchun Tehron o’zining uranni boyitish dasturiga chek qo’yishi kelishib olingan edi. Donald Tramp buni dahshatli kelishuv deb atadi. Uning fikricha, kelishuv Eronga yadroviy dasturini qayta joriy qilish imkonini beradi.
Eron o’z yadroviy dasturining yadro qurolini yaratishga qaratilgani borasidagi taxmin va xulosalarni muntazam ravishda inkor etib keladi.
Eron va kelishuvga qo’shilgan Yevropa davlatlari bitimga to’liq rioya qilishda davom etmoqda. Kelishuvni amalga oshirishni nazorat qilishga mas’ul Xalqaro Atom Energiyasi Agentligining ma’lum qilishicha, Eron majburiyatlar ijrosida sobitqadam, kelishuvlar esa mamlakat yadroviy faoliyatini kengroq tekshirish imkonini bergan.
Tramp Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyor ekanini ham bildirgan. Biroq prezidentlarning o’zaro tahdid va kamsitishlarga asoslangan munosabatlaridan kelib chiqilsa, uchrashuvning yuz berishi ehtimoli juda kam.
“Kelishuvga erishish Eron agressiyasini yanada oshirdi, xolos”, - deydi Tramp.
Uning aytishicha, Eron “tasodif tufayli erishgan yangi sarmoyalar”ni “yadroviy raketalarni yaratish, terrorizm, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardagi yoqilg’i resurslari konfliktlarini moliyalash”ga sarflamoqda.
O’z navbatida Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy televideniye orqali chiqish qilar ekan, xalqaro pakt tarkibidan chiqib ketgan AQShga ishonib bo’lmasligini, hujjatni imzolagan boshqa tomonlar hanuz bitim talablarini qo’llab-quvvatlayotganini aytgan. Shuningdek, Ruhoniy Tehron hamisha zidiyatlarni diplomatik yo’l bilan hal qilishga ishonib kelganini ma’lum qildi.
Eron rahbarining fikriga ko’ra, Trampning Eron bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokaralarga chaqiruvi “Amerikaning mahalliy aholisi oliqishini qozonish va Eronda beqarorlikni yuzaga keltirish”ga qaratilgan.
Eron bilan imzolangan 3 yillik xalqaro kelishuv tarafdori bo’lgan Yevropa Ittifoqi AQSh qayta qo’llayotgan sanksiyalar ta’siridan saqlanish chora-tadbirlarini ko’rib chiqmoqda.
“Biz ilgari qadam tashlash yo’lini topa olamiz deb umid qilamiz, biroq bu Eron tuzumi tarafidan katta o’zgarishlar amalga oshirilishini talab etadi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.