Muxolifat: O'zbekiston afg'on muxolifati bilan gaplashmoqda, biz bilan-chi?

O’zbekistonda Tolibon delegatsiyasining rasman qabul qilinishi, Toshkentda ularning siyosiy idorasi ochilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqda ham aks-sado berib, ko'plab munozaralarda bu qadam xavotirli deya baholanadi. Afg’oniston hukumati va qurolli muxolifatini muloqotga undayotgan Toshkentning o’zi quvg’inlikdagi o’zbek muxolafatini qabul qilishni istamayotgani uchun tanqidga olinmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston Afg'oniston bo'yicha faollashar ekan, qator savollar

Tolibon harakati Toshkentda 7-10 avgust kunlari o’tkazgan rasmiy muzokaralari yuzasidan bayonot tarqatgan. O’zbekiston tashqi ishlar vazirligini qisqa xabaridan farqli, Tolibon muzokara tafsilotlari, xususan vazir Abdulaziz Komilov, maxsus elchi Ismatilla Ergashev bilan xavfsizlik, elektr ta’minoti, Afg’onistondagi temir yo’l loyihalari haqida gaplashilganini bildiradi.

Toshkentdagi muzokaralar haqida "Reuters" agentligiga gapirgan Tolibon vakiliga ko'ra, tomonlar O'zbekistonda toliblarning siyosiy idorasini ochishga ham kelishishgan.

Bu ma’lumot O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rad etildi. Matbuotda esa vazirlikdan keltirilgan iqtibosga ko’ra, Tolibon vakillari bilan muzokaralarda siyosiy idora ochish haqida umuman gap bormagan.

Tolibonni Toshkentda idora ochishi haqidagi ma’lumot, radikal guruh bilan o’tkazilgan rasmiy muzokaralar ijtimoiy tarmoqlarda ham munozara qo’zg’agan.

Tolibonni rasmiy vakolatxonaga ega bo’lishi xavotirli qabul qilingan bo’lsa, afg’on hukumati va jangari muxolifatni yarashtirishga urinayotgan Toshkent o’z muxoliflariga nisbatan tazyiqlarni bekor qilmagan, O’zbekistonda muxolif faoliyat hamon taqiq ostida.

O’zbek muxolifati vakili, Turkiyada muhojirlikda yashayotgan sharhlovchi Namoz Normo’min fikricha, Toshkent siyosati bir tomondan shafqatsizligi bilan nom qozongan toliblar bilan tinchlik muzokarasini surishi, boshqa tomondan esa quvg’indagi o’zbek muxolifati faoliyatiga nisbatan to’sqinlik qo’ygani bilan o’ta mavhum ko‘rinadi.

“Men uchun bu ikki masala mavhum qolyapti... Nima uchun o’zbek hukumati toliblar bilan jiddiy muzokaralar yuritmoqda, Afg’onistonda tinchlik o’rnatish, bu yerdan xorij qo’shinlarini olib chiqish, xavfsizlik kabi masalalarni ular bilan muhokama qilmoqda? Ikkinchi masala bo’yicha ham, nega O’zbekiston hukumati ashaddiy radikal, terrorchi deb qaraladigan, katta harbiy salohiyatga ega tashkilot bilan muzokaraga borib, quchoq ochib kutib olmoqda, hatto Toshkentda byurosini ochishni ham muhokama qilmoqda? Ya’ni radikal diniy, harbiy tashkilot bilan bir tomondan o’zi quchoq ochib ko’rishadi, boshqa tomondan esa O’zbekistonning tinch muxolifati bilan hech qanday muzokara, muloqot qilmaydi. Keyingi paytdagi siyosatni tushunish qiyin. Hukumatni o’zi tushunmayapti shekilli”, - deydi Namoz Normo’min.

O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevni BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishida bildirilgan edi. Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishi o’ta muhimligini ta’kidlagan Mirziyoyev o’z nutqida O’zbekiston xalqaro miqyosda Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishiga qaratilgan har qanday tashabbuslarni qo’llab quvvatlashi, o’zi ham bu boradagi harakatlarni davom ettirishi haqida gapirgan edi.

Shu yilning mart oyida Toshkentda bu tashabbus doirasida yirik xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Afg'oniston rahbari Ashraf G’ani, shuningdek, Afg’onistonga tortilgan qator qudratli davlatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirok etgan bu anjumanda toliblarni rasmiy idorasidan vakillar qatnashmagan edi.

“Afg’on muammosining bir tomonida AQSh, boshqa tomonida esa Rossiya, Xitoy kabi geopolitikani shakllantiruvchi qudratli davlatlar bor. O’zbekistonning bu oraga kirishi Afg’onistonda vaziyat yomonlashadigan bo’lsa, shu qudratlarning ichida qolib ketishiga olib kelishi mumkin. O’zbekiston avval ichki siyosatini shakllantirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirib, o’z muxolifati bilan muloqotni yo’lga qo’yib, siyosatini kuchaytirganidan so’ng bu kabi tashqi masalalarga aralashishi ma’qul bo’lgan bo’lar edi. Chunki, fuqarolik jamiyati, muxolifat bilan muloqot ichki siyosatni, davlatni kuchaytiradi, shundan so’ng toliblar, Afg’oniston yoki boshqa xalqaro masalalarga aralashish ma’qul bo’lardi”, - deydi Namoz Normo’min.

Rasmiy Toshkent toliblar bilan o’tgan muzokaralar tafsiloti haqida jamoatchilikka deyarli hech narsa demadi. Munozaralar Tolibon muzokara tafsilotlari haqida xabar tarqatishi ortidan kuchaydi. Toshkent bu tafsilotlarni ayrimlari, xususan O’zbekistonda toliblarning vakolatxonasi ochilishi haqidagi xabarni rad etib chiqdi.