AQSh qo’llab-quvvatlayotgan Afg’oniston hukumati 22-avgust kuni Rossiya mezbonlik qiladigan xalqaro konferensiyada ishtirok etmasligini e’lon qildi. Konferensiya Afg’oniston kelajagini muhokama qiladi. Tolibon harakati mazkur konferensiyada ishtirok etish taklifini qabul qilgan. Tolibon tadbirga o’z delegatsiyasini yuborishini “Amerika Ovozi”ga tasdiqladi.
Moskva konferensiyaga Afg’onistondan tashqari Xitoy, Pokiston va Eronni o’z ichiga olgan mintaqaning asosiy 11 mamlakatini ham taklif etgan. Tadbir joriy yilning 4-sentabrida Rossiya poytaxtida bo’lib o’tadi.
22-avgust kuni Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Sibg’atulloh Ahmadiy hukumatning Rossiyaga o’z vakillarini yubormaslikka qaror qilganini “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilgan. Biroq u qaror sabablariga oydinlik kiritmagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Afg’oniston rasmiylari konferensiyaga Tolibonni taklif etish borasida maslahatlashmagani uchun Moskvadan norozi.
Ahmadiy Kobul va Moskva o’rtasida “juda yaxshi samimiy munosabat” bo’lganini hamda ikki taraf ham Afg’oniston hukumatining tinchlik va barqarorlikni o’rnatish jarayonlariga doir masalalarda hamisha maslahatlashganini qayd etgan.
Ahmadiy, shuningdek, hukumat boshchiligidagi tinchlik jarayonlaridan tashqari olib borilgan har qanday muzokaralar natija bermasligini aytgan.
21-avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov konferensiyaga Tolibon ham taklif etilgani va ularning tadbirda ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.
22-avgust kuni Tolibonning “Amerika ovozi”ga ma’lum qilishicha, harakatning siyosiy vakillari Moskva konferensiyasida qatnashadi.
“Islom amirligi (Tolibon) taklifni qabul qildi va siyosiy idoramiz yetakchisi Shermuhammad Abbos Stanikzay boshchiligidagi delegatsiyani Afg’oniston muammolari va uning yechimlariga doir Islom amirligining pozitsiyasini bildirish uchun yuboradi”, - deydi Tolibon Zabihulla Mujohid.
Tolibon uzoq yillardan beri bunday tadbirda ilk bor rasman ishtirok etadi. Bu Rossiya dimplomatiyasida ham muhim o’zgarish yasaydi.
Tolibon bilan aloqalarga izoh
Rossiya Tolibon bilan aloqalariga izoh berib, harakatni Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralariga jalb etish orqali uzoq davom etayotgan qonli to’qnashuvlarga yakun yasash uchun intilayotganini ma’lum qilgan.
“Biz aloqalarimizni birinchi o’rinda Afg’onistondagi Rossiya fuqarolari, Rossiya agentliklarining xavfsizligi uchun saqlab turibmiz. Shuningdek, Tolibonni qurolli to’qnashuvlardan voz kechib, hukumat bilan milliy dialogga qo’shilishga undayapmiz”, - deydi Lavrov.
Biroq Lavrov afg’on hukumatining Rossiya munosabatlaridan ko’zlangan maqsad Kobul ma’muriyati nazoratida bo’lmagan hududlarda o’z ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan Islom davlati jangarilariga qarshi kurashda Tolibondan foydalanishdan iborat degan qarashlarini inkor etgan.
“Men qanday qilib Rossiya Tolibondan IShIDga qarshi foydalanishi mumkinligini tasavvur qilolmayman. Biz IShIDga qarshi barcha imkoniyatlarimiz bilan kurashayapmiz. Biz bu urushda Suriyani qo’llab-quvvatlayapmiz va ayni maqsadda Iroq armiyasiga harbiy qurollanishda yordam ko’rsatayapmiz. Albatta, biz afg’on xalqining IShIDdan xalos bo’lishini istaymiz”, - deydi Lavrov.
Tolibon o’zi “siyosiy idora” deb atayotgan ofis Stanikzay joylashgan Qatarning Doxa shahrida faoliyat yuritadi. Joriy oy avvalida Tolibon vakili O’zbekiston va Indoneziyada rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etgan edi.
Bu ikki davlat Tolibon bilan uchrashuvdan oldin Kobul bilan maslahatlashgani bois Afg’oniston hukumati hech qanday e’tiroz bildirmagan edi.