Tojikistondagi ayrim o‘zbek ziyolilari ham, oddiy xalq ham mustaqillik yillarida mamlakatda o‘zbek tili mavqei ancha susayib qolganini iddao qilsalar-da, ikki qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashishi bilan bu boradagi muammolar ham barham topishiga umidlar oshmoqda.
Markaziy Osiyoning O‘zbekistondan so‘ng eng ko‘p o‘zbeklar yashaydigan respublikasi Tojikiston hisoblanadi. Rasmiy manbalarda Tojikiston o‘zbeklari bir millionga yetar-yetmas ko‘rsatiladi, ammo tahlilchlar ularning hisobi ikki milliondan ortishini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
O‘zbeklar bu yerda mustaqillikning keyingi yillarida ona tiliga e’tibor va kuyunchaklik susayib ketganligini ta’kidlab kelishadi. Bu haqda So'g‘d viloyat o‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov oldinda o‘tgan suhbatlarni yodga olib, tilga e’tibor bo‘lmasa, Tojikistonda o‘zbek tili yo‘qolib boradi degan edim, deydi.
"Masalan, hozirgi o‘zbek o‘quvchilari bilan oldingi ziyolilarni o‘tirg‘izib qo‘yib savollar bersak, ular oddiy o‘zbek adabiy tilidagi so‘zlar ma’nosini bilishmaydi. «Tafakkur» nima, «nafosat» nima, bilishmaydi. Oldingilar mingta so‘z bilgan bo‘lsa, bugungilar yuztasini biladi, xolos. Yo‘qolib borayotgani ana shu bo‘ladi! Asosiy narsa maktabda o‘qitishda, darsliklarda, ularga e’tiborda. Aytgan bilan real narsa - harakat bo‘lmagandan so‘ng, til susayib boraveradi", - deydi Yusupov.
Uning fikricha, maorif sohasida chiqarilgan o‘zbek tilidagi darsliklar ham yomon emas, ammo targ‘ibot, o‘qitish sust.
"Gap o‘qitishda! Masalan, adabiyot muallimiga mana shunday gazeta-jurnallar chiqmoqda, shularni bolalarga o‘qiting, tarqating, tashviqot qiling desangiz, bolalar buni o‘qimaydi deydi. Hoy, noinsof, davlat seni besh yil nimaga o‘qitdi? Seni o‘qitish uchun o‘qitdi, o‘qitolmasang san o‘qituvchi emassan, chiqib ket bu sohadan! Maosh yetishmaydi, boshqa yetishmaydi deb, masalan, nolishadi. Axir o‘qituvchilikni tanlaganda sen undan pul olish, boylik orttirish uchun tanlaganmisan yoki xalqqa ma’rifat olib kirish uchun o‘qituvchilikni tanlaganmisan? Ana shuni aniqlab olish kerak, u boy bo‘laman deb o‘qituvchi bo‘lmagan-ku. Boy bo‘laman desa boshqa sohani tanlab ketaverardi. O‘qituvchilik bu - ezgulik!" - deydi o‘zbeklar yetakchisi.
Mustaqillikning keyingi ikkinchi o‘n yilligida respublikada o‘zbeklar farzandlarini tojik maktablariga bera boshlashdi. Buning sabablari haqida gapirar ekan, sobiq maktab direktori Shodiboy Yoqubov ota-onalarning o‘zlari shunga qo‘l urmoqda, lekin hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi deydi.
"Bunday bo‘lishi ham demokratiyaga bog‘liq. Odamlarimiz o‘z haqlarini himoya qila olmaydi, bir nima desa og‘ziga ursalar, huquqlarini talab qilisha olmaydi. Hozir o‘zbeklar bilan yaxshi bo‘lib olib, hozir sal endi qimirlab qolishdi. Mana o‘zbek fakultetlari yana qayta ochilar ekan degan gaplar bo‘lmoqda. Xalq o‘zi ko‘rib o‘yladiki, bolasi maktabni tugatgach, qaysi universitetga kiradi, hammasi tojikcha bo‘lsa? Buni ko‘rib, bolasini tojik sinflariga bermoqda. Lekin borib-borib hali o‘zbek guruhlari tiklanadi, bizda hali demokratiya ko‘ngildagidek emas. Bir xil davlatlarda demokratiya uchun kurashadi, biznikida hozir sal ovoz ko‘tarsa, darrov o‘chirib qo‘yadi, qara unga deydi, og‘zini yop deydi" - deb yozg‘iradi sobiq o‘qituvchi.
O‘zbeklarning o‘z farzandlarini pasportlarida millatini tojik ko‘rsatib olayotganlarini e’tirof etar ekan, ziyolilar bu ularning haqi ekanligini aytadi.
"Agar otasi o‘zbek, onasi tojik bo‘lsa, nega endi o‘zi istaganini tanlamasin, bu ularning huquqi, bunday imkoniyatdan biz ham foydalanamiz-da, nimayam qilardik, Tojikiston bu! Man Buxoroda, Navoiyda bo‘ldim, u yerlardayam xuddi shunday, tojiklar o‘zbek bo‘lib olishgan, ammo tilini yo‘qotishmagan. Endi Tojikistonda bir xil joylarda tazyiq bo‘ladi-yu, ammo bu ham bo‘lsa tushunmaganidan, qonunni bilishmaganidan. Gapiradi ba’zilar, Tojikistonda yashab, tojikchani bilmaysanmi deb g‘o‘dayganlar topiladi, ammo bu masalada yuqoriga arz qilsalar darrov tanobini tortib qo‘yishadi san nega unaqa qilding deb. O‘zim bilan ham shunaqa voqealar bo‘lgan, san nega o‘zbekcha gapirasan deb, salgina do‘q qilib, qonunni bilasizmi, millatim o‘zbek bo‘lsa, ona tilida gapirishga haqqim bor, nega unaqa gapirding, san qonunni bilmas ekansanku, sen borib qonunni o‘qib kel deganman, darrov kechirasiz, kechirasizga tushib qolishgan", - deydi muallim Yoqubov.
Tojikiston janubidagi ziyolilardan biri, o‘zbek shoiri Hasanboy G‘oyib aytadiki, respublikada o‘zbek tiliga e’tibor u qadar sust emas va bunga misollar keltirar ekan, qo‘shni O‘zbekiston bilan aloqalarning rivojlanishi tufayli bu muammo ham barham topadi degan fikrga boradi.
"Tojikistonda «Xalq ovozi» respublika gazetasi o‘zbek tilida nashr etiladi, Tursunzodada «Hikoyat», «Diyori Tursunzoda» gazetalari ham tojik-o‘zbek tillarida chiqadi. Bundan tashqari Tursunzodada yana tibbiyot sohasida «Tibbiyoti vali» jurnali tojik-o‘zbek tillarida chiqadi, o‘zim shu jurnalga materiallar berib boraman. Maorif sohasida ham «Nuri ma’rifat» jurnalida o‘zbekcha sahifalar bor. Regar televideniyesi tojik-o‘zbek tillarida faoliyat ko‘rsatadi, respublika televideniyesi va radiosida ham o‘zbekcha eshittirish-ko‘rsatuvlar bor, u yerda familiyadoshim Otabek G‘oyibov taklif etib turadilar, hamisha qatnashib turaman. Tojik adiblari bilan hamkorlik qilamiz, yana qozoq ijodkorlari bilan, Turkiya yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorligimiz bor. Turkiya yozuvchilari Turkistonda tashkil etgan o‘n ikkinchi «Turk dunyosi she’riyati» festivalida dekabrda qatnashgan edim. May oyida esa Istanbul shahrida Sultonbeyli bo‘linmasi tashkil etgan «Turk dunyosi shoirlari» oltinchi festivalida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bulardan tashqari yana bir quvonchli hodisa, O‘zbekiston-Tojikiston aloqalari, umuman, barcha Markaziy Osiyo respublikalarida ahillik yuksalmoqda, bundan xursand bo‘lishmiz kerak. Yaqinda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid meni 2004-yilda yozgan she’rimga bag‘ishlab, ijodlarini chop etgan ekanlar, juda xursandmiz. O‘z navbatida biz ham «Xalq ovozi»da o‘zbek adiblari ijodini chop etgandik, yaqinda yana Jo‘rabek Jahon degan yosh shoirning «Navoiy va Bobur» degan ijodi chop etildi. Bunday hamkorlik hamisha davom etib kelmoqda.Yaqinda butun tojikistonlik o‘zbek tarjimonlari asarlarini respublika yozuvchilar uyushmasi to‘plab, bir kitob qilish niyatimiz bor. Ikki respublika prezidentlarining davlat tashrifidan oldin o‘zbek adiblarining tojik tilidagi asarlari majmuasi chop etildiki, bu ham albatta quvonchli hol", - deydi Tojikistonning Tursunzoda shahridan bo‘lgan o‘zbek shoiri.
Hasanboy G‘oyibning ta’kidlashicha, qo‘shnichilik munosabatlarining avj olishi Tojikistonda o‘zbek tili mavqeining mustahkamlanishiga ham sabab bo‘ladi.