Rossiya Idlibni qo'lga olishda Suriya kuchlariga yordam beradi

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi Rossiya askarlari

Rossiya 4-sentabr kuni Suriyaning Idlib viloyati nazoratini qayta qo’lga kiritishda Assad kuchlariga Eron bilan birgalikda yordam berishini ma'lum qildi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Idlibni terrorizmning hamyoni deb atagan. Unga ko’ra, Idlibdagi vaziyat Suriya nizolariga siyosiy yechim topish uchun qilinayotgan urinishlarni yo’qqa chiqarmoqda.

Bir kun avval – 3-sentabr kuni Eron tashqi ishlar vaziri Idlibni terrorchilardan tozalash kerakligini ma’lum qilgan edi. Muhammad Javod Zarif bu haqda Suriyaga tashrifi chog’ida gapirgan. Diplomatning aytishicha, Idlib viloyati Suriya xalqi nazoratiga qaytarilishi, mamlakatni qayta tiklash ishlari va qochoqlarni vatanga qaytarish harakatlari bardavom bo’lishi lozim.

Idlibda uch millionga yaqin aholi yashaydi. BMTning xavotir bildirishicha, bu yerda harbiy kampaniya kengaytirilsa, ko’plab qurbonlar bo’lishi mumkin.

AQSh Prezidenti Donald Tramp 3-sentabr oqshomida "Twitter" orqali Idlibga qarshi “shafqatsizlarcha hujum” qilmaslik borasida Suriyani ogohlantirgan. Shuningdek, Tramp Prezident Bashar al-Assad qurolli kuchlarining ikki asosiy tarafdorini ham o’z harakatlarini jilovlashga chaqirgan.

”Rossiya va Eron ehtimoliy inson fojiasiga bosh qo’shish bilan jiddiy gumanitar xatoga yo’l qo’yadi. Yuz minglab odam halok bo’lishi mumkin. Buning oldini olish kerak”, - deydi Tramp.

Triniti universiteti tarix professori Devid Leshning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Tramp ma’muriyati o’zining avvalgi ogohlantirishlari doirasidan chiqib, kimyoviy qurollardan foydalanmaslik talabi bilan “bosimni biroz kuchaytirmoqda”. Biroq Idlibdagi vaziyatga ta’sir ko’rsatish borasida AQShning imkoniyatlari cheklangan.

“Haqiqatni aytganda, AQSh nimanidir hal qila oladi deb o’ylamayman. Menimcha, Rossiya, Suriya hukumati va uning ittifoqdoshlari xoh bosqichma-bosqich, xoh ommaviy bosqin yo’li bilan bo’lsin, Idlibni o’z nazoratiga olishga qat’iy qaror qilgan”, - deydi professor Lesh.

Suriya 2011-yil boshidan beri urush domida. Unda hukumat kuchlari, isyonchi guruhlar va turli hududlarni egalash uchun kurashayotgan jangarilardan iborat tomonlarning manfaatlari to’qnashmoqda.

Rossiya va Eron qo’llab-quvvatlayogan Assad kuchlari so’nggi yillarda yirik shaharlarni qayta qo’lga kiritdi. Muxolifat va hukumat o'rtasida erishilgan sulh paytida isyonchilar Idlibga qochib o'tgan edi.

Assad hukumati har qanday qarshilik harakatini “terrorchi” deb ataydi. Idlib viloyatida isyonchi guruhlar ham, Nusra fronti kabi jangarilar ham bor.

Eron, Rossiya va Turkiya prezidentlari 7-sentabr kuni Idlibdagi vaziyatni muhokama qilish uchun Tehronda uchrashishi rejalangan.