Kuzatuvchilar fikricha, O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy sohadagi islohotlarida chekinish boshlangan. Toshkentdagi imom Fazliddin Parpiyevning hijob va soqol taqiqiga qarshi jamoatchilikni to’lqinlantirgan murojaati ortidan ishdan olinishi yangi hokimiyat davrida ham e’tiqod erkinligi og’ir muammo sifatida qolayotganini ko’rsatmoqda.
Imom shanba kuni O’zbekiston musulmonlar idorasi qaroriga ko’ra ishdan olingan. Parpiyevning o’zi ijtimoiy tarmoqda ishdan olingani, diniy vaziyat yuzasidan boshqa munosabat bildirmasligi haqida bayonot qoldirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekistonda rasmiy imom xatibning mamlakatda diniy erkinliklar toptalayotgani haqida bayonot qilishi mustaqil mamlakat tarixida so'nggi yillarda ilk bor kuzatilmoqda.
Toshkent shahridagi “Omina” masjidi imomi Fazliddin Parpiyevning vijdon erkinligi toptalayotgani haqida Prezident Mirziyoyevga juma kuni qilgan videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarda shiddat bilan tarqaldi, jamoatchilikda qizg’in muhokama qo’zg’adi.
Masjid minbarida turib o’z murojaatini o'qigan Parpiyev shu kunning o’zidayoq Musulmonlar idorasi va maxsus xizmatlar suhbatidan o’tkazildi.
8-sentabrga borib esa O’zbekiston musulmonlar idorasi imomni ishdan oldi. Idora bilan suhbatda pushaymonlik haqida videomurojaat yozishdan bosh tortganini aytgan Parpiyevijtimoiy tarmoqdagi sahifasida diniy vaziyat haqida boshqa gapirmasligi, imomlik vakolatini topshirgani haqida yana bir bayonot qoldirgan.
Parpiyev ilk murojaatida diniy erkinliklar bo’g’ilayotgani, nafaqat hijob, balki oddiy ro’molga ham taqiq qo’yilgani, huquq-tartibot idoralarining diniy jamoatchilik ustidan o’rnatgan nazorati odamlarni prezident siyosatiga qarshi qilib qo’yayotgani haqida gapirgan edi. Parpiyev, shuningdek, mamlakatdagi besh ming imomdan birortasi Prezidentga haqiqiy vaziyat haqida gapirmasligini aytib, diniy huquqlari buzilgan musulmonlarni bevosita prezidentga shikoyat qilishga chaqiradi.
Parpiyevning murojaati diniy mavzuda yozgan blogerlar hibsga olinishi ortidan kuzatilmoqda. Maktablarda ro'molga taqiq qo’yilishiga qarshi mulohaza bildirgan blogerlar himoyasi uchun jamoatchilik tomonidan Prezident Mirziyoyevga murojaat hozirlanayotgan edi.
Shu munozaralar barobarida Parpiyevning jamoatchilikni larzaga keltirgan bayonoti yuzaga chiqishi din va e’tiqod erkinligi tobora og’irlashayotganiga doir munozaralarni kuchaytirdi.
Karimov davridagi diniy siyosat tahlil qilingan kitob muallifi, yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon yangi hokimiyatni ham diniy sohadagi islohotlarini kuzatib, o’z mulohazalarini jamoatchilikka taqdim etib kelmoqda.
Yozuvchiga ko’ra, so’nggi hodisalar yangi hokimiyat ham diniy siyosatdagi islohotlardan chekina boshlaganini ko’rsatmoqda.
“Parpiyevning bayonoti diniy sohadagi islohotlar Prezident o’ylaganidek amalga oshmaganini bildirmoqda. Agar islohotlar amalga oshganda edi, diniy xodimlarimiz salga bunaqa bayonot bilan chiqmasdi, ularning sabrlari baland, gumonlari juda yaxshi. Agar vaziyat sal yaxshi bo’lganida edi, gullab-yashnab ishlashardi. Ammo norozilik bor, ayniqsa, iyun oyidan boshlab diniy siyosat orqaga qarab ketayotgani kuzatiladi. Bu ko’rib turganlar, bu yigitning vijdoni bor ekan, otilib chiqdi, gaplarini aytib oldi. Bu o’sha minbarlardan turib aytilgan, qilamiz deyilgan islohotlar qilinmagani, aksincha, teskari tomonga qarab ketganini bildiradi”, - deydi yozuvchi.
Diniy sohadagi islohotlar Prezident Mirziyoyev diniy jamoatchilikka iftorlik berishi, ulamo, imomlar bilan uchrashuv o’tkazishi, “qora ro’yxat”ga kiritilgan dindorlarni afv qilishi va Qur'on musobaqalarini o'tkazishidan boshlangan edi.
Parpiyev bayonotida murojaatining prezidentga yetib borishiga, Mirziyoyevning haqiqiy vaziyatdan xabardor ekanligiga shubha bildiradi.
Yozuvchi Nurulloh Raufxon ham vaziyat qanday ekanligi prezidentga to’la yetkazilayotganiga ishonmaydi.
“Karimov davridagi odatga ko’ra, respublikadagi ahvol Karimovga o’ta filtrlanib yoki bo’yab yetkazilardi. Hozir ham shunga o’xshaydi, prezidentga hamma narsa yetib bormayapti. Chunki Prezident juda katta gaplarni gapirgan, endi shu gaplarning teskarisi bo’lib turganda, rozi bo’lmaydi. Bu yerda faqat ma’lumotlar yetib bormayapti, deb o’ylayman. Buning ustiga xorijga safarlari bor ekan”, - deydi Raufxon.
Imom Fazliddin Parpiyevning jamoatchilikdagi portlashga qiyoslangan bu murojaatini o’zbek matbuoti ham chetlab o’tgani kuzatiladi.
O’zbekiston musulmonlar idorasini “Omina” masjidi imom xatibi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to’g’risidagi buyrug’ida Fazliddin Parpiyev “odob komissiyasi” yig’ilishi qaroriga ko’ra ishdan olingani ko’rsatiladi. Muftiy Usmonxon Alimov imzolagan buyruqda imom qaydi odob qoidalarini buzgani haqida tafsilotlar keltirilmagan.
Nurulloh Muhammad Raufxon nazarida hukumat miqyosidagi bayonotlarga qaramasdan jamiyatda, ayniqsa, diniy jamoatchilikda o’zgarishlar kechmadi, aynan shuning uchun ham Parpiyev tomonidan aytilgan oddiy haqiqatlar odamlarni junbushga keltirdi.
“Bu gaplar normal jamiyat uchun oddiy gaplar, kundalik holatda aytiladigan to’g’ri gaplar, lekin bizning ahvolimiz shu qadarki, shu qadar qo’rquv ichida yashaymizki, ayniqsa, diniy jamoatchilik, imomning og’zidan bu gaplarning chiqishi bombadek tuyildi. U bugungi bo’layotgan voqealarga oddiy munosabat bildirdi, taomildan sal chetga chiqdi. Buning shu qadar rezonans berishi, masjidga odamlarning yog’ilishi, u kishining ham musibatlarga tayyor turishi bular hammasi bizda normal jamiyat emasligi, normal munosabat yo’qligini bildiradi, xolos”, - deydi yozuvchi.
Ta’kidlash joiz, O’zbekistonda e’tiqod erkinligiga doir munozaralar maktabda hijob, diniy kiyimlar taqiqlanishidan so`ng boshlandi. Bir muddat oldin diniy mavzuda chiqish qilgan bir necha bloger hibsga olingan, ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan edi.