"Ey-Bi-Si Nyus" telekanali va "Vashington Post" gazetasi o'tkazgan ijtimoiy so'rov natijasidan ma'lum bo'lishicha, AQSh aholisining deyarli yarmi Kongress Prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayonini boshlashi kerak, degan fikrda. Lekin demokratlar hali bu so'zni og'ziga olgani yo'q. Tramp va respublikachilar esa impichment tahdididan tarafdorlarini g'ayratlantirish uchun foydalanib, ularni noyabrda bo'ladigan Kongress saylovlarida faol bo'lishga undamoqda.
Prezident Tramp tarafdorlari bilan uchrashganda muayyan mavzularga urg'u berishni yaxshi ko'radi: masalan, gurkirayotgan iqtisodiyot yoki chegarada devor o'rnatish. Bu ro'yxatga endi yana bir masala qo'shildi.
"Biz uni ishdan olamiz, deyishyapti. Lekin prezident juda yaxshi ishlayapti. Shu gap esingizda tursin. U juda yaxshi ishlayapti", - dedi Tramp.
Avgust oyida e'lon qilingan so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 49 foizi Kongress prezidentga qarshi impichment jarayonini boshlashi kerak, degan fikrda. Tramp bu tahdidlardan tarafdorlarini jonlantirish uchun foydalanmoqda.
"Agar bu hol ro'y bersa, aybdor siz bo'lasiz, chunki saylovga chiqmadingiz", - dedi Tramp.
Kongressdagi demokratlar hali bu haqda og'iz ochgani yo'q. Ular 2016-yilgi prezident sayloviga Rossiyaning aralashuvi yuzasidan maxsus prokuror Robert Myuller tergovi tugashini kutmoqda.
"Impichment masalasini siyosiylashtirmaslik kerak. Uni qilishni ham, qilmaslikni ham siyosatga aylantirmaymiz. Biz haqiqatni qidirishimiz kerak", - dedi Vakillar palatasida demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi.
Demokratlar buning siyosiy oqibatlarini tarixdan juda yaxshi biladi. 1998-yil oktabrida respublikachilar Prezident Bill Klintonni Oq uyda amaliyot o'tagan qiz Monika Levinski bilan jinsiy munosabatlari bo'yicha tergovga to'siq qo'yganlikda ayblab, impichment jarayonini boshlaganda demokratlar noyabrdagi saylovda faollashib ketgan edi.
Hozircha demokratlar jim, hatto Trampning o'zi impichment mavzusini tilga olsa ham. Noyabr saylovlaridan keyin vaziyat o'zgarishi mumkin. Lekin demokratlar Vakillar palatasida ko'proq o'ringa ega bo'lgan taqdirda ham impichmentga qarshi siyosiy to'siqlar oz emas.
"Trampni lavozimidan olish uchun Senatdagi 50 respublikachidan 17 nafari unga qarshi ovoz berishi kerak. Bu esa saylovchilarni norozi qilishi mumkin. Ular shu yo'ldan borishadimi? Hozirgi vaziyatga qarasak, yo'q", - deydi Amerika universiteti professori Deyvid Barker.
Noyabr saylovi yaqinlashar ekan, har ikki partiyaga mansub qonunchilar e'tiborni, asosan, ish o'rinlari va immigratsiya kabi mavzularga qaratmoqda.