AQSh Davlat departamentining Kontrterrorizm va qonli ekstremizmga qarshi kurash byurosi hisobot chiqarib, mamlakatlardagi vaziyatni tahlil qildi. O'zbekiston, bu hujjatga ko'ra, muammo ancha chuqur ildiz otgan va xavotirga molik davlat.
Markaziy Osiyo yoshlari Iroq va Suriyaga borib jang qilib kelgan mintaqa, deyiladi tahlilnomada. Xususan O'zbekistondan chiqqan odamlar Yevropa Ittifoqi va AQShda terror xurujlarini amalga oshirgan va bir necha o'zbekistonlik ekstremizmni quvvatlash va qonli xurujlar qilishga harakat qilganlikda ayblanib, hibsga olingan. Bir nechasi sudlangan va hozir qamoqda, qolganlari esa mahkama jarayonini kutmoqda.
O'zbekiston hukumati o'tgan ikki yil ichida xalqaro hamjamiyat bilan bu borada yangicha muloqot boshladi va nafaqat qo'shni davlatlar balki G'arb bilan ham bu borada hamkorlik jonlangan.
Huquq-tartibot va chegara xavfsizligi bo'yicha yangi tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Qo'shma Shtatlar O'zbekistonda bu sohalarda yordamni davom ettiradi va terrorizmga qarshi birgalikda kurashadi, deyiladi 19-sentabr kuni chiqqan hisobotda.
Your browser doesn’t support HTML5
2017-yilning sentabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mingga yaqin fuqaroni qora ro'yxatdan chiqarishni buyurgan. Ular ekstremizmga aloqador ishlarda gumon qilinar edi. Vashington nazarida, bu qarori bilan prezident terrorizm va mutaassiblikka qarshi yangicha, oshkora kurash boshlayotganini ayon etgan. Lekin hukumat bu masala yuzasidan siyosatini tushuntirishi, omma orasida muhokama olib borishi, jamoatchilik fikri bilan hisoblashishi, fuqarolarning da'vo va shikoyatlarini o'rganib chora ko'rishi kerak, deya tavsiya qiladi Davlat departamenti.
O'zbekistonda yangi islomiy dargohlar ochilgani, islomiy qadriyatlar targ'ib qilinayotgani AQSh tomonidan olqishlanadi. Shu kunlarda Vashingtonning diniy erkinlik bo'yicha maxsus elchisi Sem Braunbek Toshkentda bo'lib, Prezident Mirziyoyev va boshqa rasmiylar bilan muloqot qildi. Tomonlar e'tiqod bilan bog'liq huquqlarni ta'minlash va mutaassiblikka qarshi kurashda hamfikr, deydi diplomatlar.
Biroq amaliyot bobida ham bir yoqadan bosh chiqara oladimi? Huquq himoyachilari O'zbekiston hukumatini ham, AQSh hukumatini ham terrorga qarshi kurashda fuqaro huquqlarini poymol etganlikda tanqid qilib keladi.