AQSh Prezidenti Donald Tramp fikricha, Eron yetakchilari bilan biror muloqot bo'lishidan oldin bu o'lka "ovozi ohangini o'zgartirishi" kerak. AQSh rahbari avvalroq Eron rasmiylari bilan uchrashishga tayyor ekanini aytgan edi.
Tramp bu haqdagi so'nggi fikrini BMT Bosh Assambleyasi oldida nutq so'zlashidan avval bildirgan.
U, shuningdek, "Twitter" orqali BMTdagi yig'inlar doirasida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan, iltimoslar bo'lganiga qaramay, uchrashish rejasi yo'qligini yozdi.
BMTda jurnalistlar bilan gaplashganda esa yanada keskinroq gapirdi.
"Eron juda yomon ishlarni qildi. Biz hozir ko'p narsalarni, jumladan, juda ulkan darajadagi, biz shu paytgacha qilgan eng yuqori darajadagi sanksiyalarni joriy qilyapmiz. Men ular bilan uchrashishimdan oldin Eron ovoz ohangini o'zgartirishi kerak. Bu amalga oshadi. Ularda tanlov imkoniyati yo'q. Eron bilan buyuk aloqalar bo'lishini umid qilib qolamiz, lekin hozir emas", - dedi Tramp.
Tramp BMT Bosh Assambleyasida qilgan murojaatida Tehron rejimini xorijdagi agressiyasi uchun o'z xalqini talayotgan "korrupsiyaga botgan diktatura" deb atadi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko'ra, Tramp ma'muriyati "Eronni normal davlatdek o'zini tutishini ta'minlash" hamda "dunyoning terrorga homiylik qiluvchi eng katta davlati bo'lishini to'xtatish" ustida ishlayapti.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli ham Tehronni Suriya va Yamanda beqarorlik keltirib chiqarishda hamda Hamas va Hizbulloh kabi terrorchi guruhlarni qo'llab-quvvatlashda muntazam ayblab keladi.