Breaking News

Tramp Eron rahbari bilan uchrashishga qarshi emas


Dunyo rahbarlari BMT Bosh Assambleyasi yig'inida qatnashish uchun Nyu-Yorkka kelmoqda. AQSh rasmiylarining aytishicha, Prezident Donald Tramp sessiya doirasida Eron rahbariyati bilan uchrashishga qarshi emas - agar respublika o'z xatti-harakatlarini o'zgartirishga va konstruktiv muloqot qilishga tayyor bo'lsa.

Ushbu bayonot Eron AQSh va uning ittifoqchilarini Ahvaz shahridagi harbiy paradga qilingan hujumga aloqadorlikda ayblayotgan bir paytda yangramoqda.

Tramp prezidentlikka saylanganidan keyin AQSh Eron yadro dasturi bo'yicha 2015-yilda erishilgan xalqaro bitimni tark etdi va iqtisodiy sanksiyalarni tikladi. Tramp nutqida, shuningdek, BMT doirasidagi uchrashuvlarda bu mavzu ko'tarilishi kutilmoqda.

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Heyli Prezident Tramp Xavfsizlik Kengashi majlisiga raislik qilayotganda bu mavzu ham kun tartibida bo'lishini tasdiqlamoqda.

"Tramp Eronning dunyoga solayotgan tahdidini tilga oladi. Shuningdek, Suriyadagi kimyoviy qurollar xavfi va Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyatni", - deydi elchi.

Unga ko'ra, Tramp BMT uchrashuvlari doirasida Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan yuzma-yuz muloqotga qarshi emas, ammo Eron buni so'ragani yo'q.

"Prezident bu haqda ko'p gapirgan, u istagan odam bilan gaplashishga tayyor", - deydi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Ammo, deydi AQSh diplomati, Eron konstruktiv dialogga ham, "dushmanona" xulq-atvorini o'zgartirishga ham tayyor ekanini ko'rsatgani yo'q.

Eron rahbari Hasan Ruhoniy AQSh bilan ittifoqchi bo'lgan davlatlardan birini parad hujumini uyushtirgan guruhni qo'llab-quvvatlashda ayblamoqda. 22-sentabr kungi hujumda 25 kishi halok bo'lgan, 60 nafari yaralangan edi.

"Mintaqadagi kichik manfaatparast davlatlarning hammasini Amerika qo'llab-quvvatlaydi. Ularni gijgijlaydigan ham, jinoyatlarni sodir etish uchun zarur vositalar bilan ta'minlaydigan ham Amerika", - deya ta'kidladi Ruhoniy.

Donald Tramp Bosh Assambleyada o'tgan yilgi nutqida Shimoliy Koreyani keskin tanqid qilgan edi. Bugun esa bu davlat rahbari Kim Chen Un haqida ijobiy tvitlar yozadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG