Jon De Leo AQShning Florida shtatidan. Tinchlik korpusi tashkilotining taklifi bilan Qirg'izistonga kelgan. U bir yildan beri koʻngilli sifatida Oʻshdagi bir qator maktab, bolalar bogʻchalarida ingliz tilini oʻrgatish bilan shugʻullanib kelmoqda.
Jon yaqinda oʻzi ishlayotgan maktablardan birida Qirg’izistondagi boshqa maydonchalardan farqli bo'lgan bolalar o’yingohini qurishga yordam berdi. Tinchlik korpusining moddiy koʻmagi asosida qurilgan maydonchaning maketini Jon tayyorlagan.
Uning aytishicha, maydoncha tabiiy mahsulotlardan, asosan, yogʻochdan foydalanib qurilgan. Bu esa nafaqat Qirgʻiziston uchun, balki butun Markaziy Osiyo uchun qulay. Bu yerda yogʻoch ancha arzon va topish ham oson, deydi u.
“Maydoncha ekologik toza mahsulotlardan qurilgani ahamiyatlidir. Bu yer bolalar va qizlar uchun ham birdek moslashgan. Bu oʻyingoh oʻquvchilarning ham aqlan, ham jismonan faolligini oshiradi. Bolalarda tabiatga boʻlgan qiziqishni, muhabbatni uygʻotadi”, - deydi amerikalik ko'ngilli.
Jonning aytishicha, ekologik mahsulotlardan oʻyin maydonchalarini qurish AQSh va Yevropada hozirgi paytda keng tarqalgan. Ammo Markaziy Osiyoda bu narsa ommalashmagan.
Avval bu maktabda bolalar uchun maxsus oʻyin maydoni boʻlmagan. Endi esa ularning sevimli o'yingohi bor.
Mazkur maydonchaning qurilishi uchun 3000 dollarga yaqin mablagʻ sarflangan. Mablagʻning asosiy qismi Jon yozgan loyiha asosida Tinchlik korpusi tomonidan ajratilgan.
Tinchlik korpusi — bu AQShning siyosiy va diniy boʻlmagan nodavlat tashkiloti hisoblanadi. U dunyoning qariyb 72 mamlakatida koʻngilli xizmat koʻrsatadi.