Moskva sammitida qatnashgan Tolibon guruhi delegatsiyasi xorijiy askarlar Afg’onistonni tark etmaguncha hukumat bilan muzokara qilmasligini aytgan. Ular AQSh rahbarligidagi kuchlarni “bosqinchi qo’shinlar” deb atadi.
“Bosqinchi qo’shinlar Afg’onistonni tark etsagina, afg’onlarning o’zlari boshqa muammolarini hal qila oladi”, - dedi Tolibon harakati delegatsiyasi a’zosi Absul Salom Hanafiy.
Afg’oniston Tinchlik oliy kengashi rasmiylari Moskva sammiti natijalaridan mamnun.
“Xorijiy qo’shinlarning mamlakatni tark etishi masalasini toliblar bilan bevosita muzokaralar bahsiga kiritamiz”,- deyiladi kengash bayonotida.
Moskva sammitida toliblardan muzokaralar olib boruvchi vakillarini tanishtirish so'ralgan.
Ayni damda ayrim kuzatuvchilar Moskvaning Afg’oniston sulhiga bag’ishlangan uchrashuv o'tkazishi toliblar va afg’on hukumati o’rtasida bevosita muzokaralarga boshlashidan umidvor.
Afg'onistonlik ayrim senatorlar muzokaralar yana bir bor inqirozga duch kelmasligidan xavotirda.
“Sulh uchun amaliy qadamlar tashlanishi kerak”,- deydi senator Oryan Yun.
Vakillar palatasi raisi Abdul Rauf Ibrohimiyga ko’ra, Tolibon vakillarining Moskva uchrashuvida ishtirok etgani ularning sulhga moyil ekanini isbotlamoqda.
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Tolibon bilan muzokara uchun maxsus delegatsiya tuzilishini taklif qilmoqda.
Tinchlik oliy kengashi rasmiylari yaqin kunlarda ushbu maxsus delegatsiya tashkil qilinishini bildirgan.
Afg’oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla Xalilzod boshlagan uchrashuvlar samara beradi, degan umidda.
Afg’oniston hukumati vakillari Moskvada o’tkazilgan uchrashuvlarda qatnashmadi. Hukumat himoyasidagi Tinchlik Oliy Kengashi mustaqil tashkilot o’laroq Tolibon harakati a’zolari bilan muloqot o'tkazgan.