Paxta terimidagi majburiy mehnat masalasini o’rganayotgan “Xorazm yoshlari” gazetasi muharriri Davlatnazar Ro’zmetovning ichki ishlar boshqarmasi vakili tomonidan kaltaklanishi va qamoqqa tashlanishi uyg’onayotgan o’zbek matbuoti to’qnash kelgan navbatdagi tazyiq sifatida ko'rilmoqda. Davlatnazar Ro’zmetov sud qarori ustidan shikoyat kiritgan. Prokuratura jurnalistni tahqirlagan va kaltaklagan IIB xodimi Jur’at Madrimov ustidan tekshiruv o’tkazishga va’da bergan. Hozircha tekshiruv natijalari noma’lum, majburiy mehnat masalasini o’rganishga uringan jurnalistning o’zi esa adolat qaror topishiga umid qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Davlatnazar Ro’zmetov Qo’shko’pir tuman hokimiyatiga paxta mavsumiga bag’ishlangan yig’ilishni yoritish uchun borganini aytadi.
Jurnalistning aytishicha, 25-oktabr kuni kechki payt o’tkazilgan bu yig’ilishda mahalliy hokimiyat o’qituvchi va shifokorlarni paxta terimiga majburan jalb etish masalasini ko’rib chiqayotgan edi. Bundan tashqari, jurnalistga tuman hokimi majlisda fermerlarni haqorat qilayotgani haqida ham xabar berishgan.
Jurnalist borib majlisni tasvirga olishni boshlagach, hokimiyatdagi yig'ilish tugaydi. Ro’zmetov tuman hokimi Jo’rabek Rahimov bilan uchrashishga, majlisda muhokama qilingan masala yuzasidan axborot olishga urinadi. Ammo shu payt uning oldiga fuqarolik kiyimidagi ikki nafar huquq-tartibot xodimlari keladi; qo’llarini qayirib, olib ketishadi. Ro’zmetov ularga o’zini tanishtirishi, jurnalistik guvohnomasini ko’rsatishidan qat’i nazar, kaltaklanadi, tahqirlanadi.
Tuman hokimiyati Ro’zmetovni bezorilikda ayblab chiqadi, 29-oktabrda bu ishni ko’rib chiqqan Qo’shko’pir tuman sudi 7 kunlik qamoq jazosi belgilaydi. Jurnalist aroq ichib, to’polon ko’tarishda, haqorat qilishda aybdor topiladi.
Davlatnazar Ro’zmetov qamoq jazosini o’tab chiqdi, qarordan norozi. Ozod qilinishi ortidan shikoyat kiritgan, shu jumladan, kasbiy faoliyati davomida ichki ishlar boshqarmasi vakillari tomonidan kaltaklangani yuzasidan ham.
Jurnalistning aytishicha, u tuman hokimiyatida kechki paytda o’tkazilayotgan majlis haqida do’stining to’yida bo’lgan bir paytda eshitgan. Majburiy mehnat masalasi ko’tarilgan, fermerlar haqorat qilinayotgan bu majlisni yoritishga qaror qilgan. U majlisda hech kimni haqorat qilmagan, to’polon ko’tarmagan. Muammoni o’rganayotgan jurnalistning ishtiroki yoqmagan hokimiyat esa tazyiq yo’lini tanlagan, huquq tartibot xodimlari bu buyruqni so’zsiz bajargan.
“Shuni aytishim kerakki, ichki ishlar xodimlari zamonga moslasha olishmayapti. Ular bevosita hokimiyat buyrug’ini bajarishmoqda, albatta bunday voqealar uchrab turibdi. Lekin ichki ishlar xodimlari avvalo buyruqni emas, qonun ustuvorligini ta’minlashi kerak. Ayniqsa, bizning tumanimizda bu boradagi ahvol yaxshi emas, islohotlar jiddiy oqsamoqda, buni hamma ko’rib turibdi”, - deydi jurnalist ichki ichlar boshqarmasi xodimlari tomonidan kaltaklanishi yuzasidan.
Hozirda jurnalistni kaltaklagan Ichki ishlar boshqarmasi xodimi Jur’at Madrimovga nisbatan biror chora ko’rilgani noma’lum, prokuratura tekshiruv o’tkazmoqda, natijalar hozircha ma'lum emas.
“Qonun bo’yicha ma’muriy ishga jinoyat qidiruv bo’limi xodimlarining aralashishi mumkin emas. Mening ishim jinoyat ishi emas edi. Xullas, xizmat tekshiruvi o’tkazilmoqda, meni kaltaklagan xodim vaqtincha o’z vazifasidan chetlatilgan, deb umid qilaman” - deydi jurnalist.
Davlatnazar Ro’zmetov bilan bog’liq vaziyat o’zbek matbuotida uyg’onishlar kuzatilayotgan bir paytda yuzaga chiqayotgan navbatdagi salbiy holat. Avvalroq maktab formasi, hijob masalasida o’z fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda ochiqlagan bir guruh blogerlar bezorilikda, militsiyaga qarshilik qilishda ayblanib, 15 sutkadan qamoq jazosiga loyiq ko‘rilgan edi.
O’zbek matbuoti so’nggi o’zgarishlarga qaramasdan, ayni paytda davom etayotgan paxta mavsumidagi majburiy mehnatni yoritishni chetlab o’tayotgani kuzatiladi. “Xorazm yoshlari” muharririning ta’qibga olinishi bu mavzu hamon taqiq ostida ekanligini ko’rsatmoqda.