AQSh hukumati Myanmaning kam sonli rohinja musulmonlarini gumanitar yordam va diplomatik yo’l bilan qo’llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi. Yaqinda Bangladesh hududidagi rohinja musulmonlari joylashgan lagerga tashrif buyurgan AQSh delegatsiyasi qochoqlar va mahalliy rasmiylar bilan uchrashgan.
O’tgan yili Myanma harbiylari tomonidan o’tkazilgan qonli xuruj oqibatida 700 mingdan ziyod rohinjaliklar Bangladeshga qochib o’tishga majbur bo’lgan edi.
AQSh rasmiylariga ko’ra, rohinjaliklarning Myanmaga qaytishi uchun mamlakatda zarur xavfsiz muhit yaratilmagan.
Delegatsiya rahbari Richard Olbraytning ma’lum qilishicha, AQSh Myanma hukumati bilan rohinja musulmonlarini vataniga qaytarishga doir muzokaralar olib borgan.
“Biz Myanma hukumati bilan ehtiyojmand ijtimoiy qatlamlarga gumanitar yordam ko’rsatish zaruriyatini muntazam muhokama qildik. Rohinjaliklarning fuqarolikka doir murojaatlariga shaffof va samarali yechim topishni jadallashtirishni talab qildik”, - deydi Olbrayt.
Bangladeshga kelishdan avval Olbright Myanmada aksariyat ronhinja musulmonlari istiqomat qilgan Rohin shtatida ham bo’ldi.
“Bu tashriflar Amerika elchixonasining rejaga kiritilgan odatiy tadbirlaridan bo’lib, gumanitar yordam dasturlarini tahlil qilish va joylardagi real vaziyatni o’rganishga qaratilgan”, - deyiladi AQShning Myanmadagi elchixonasi hisobotida.
AQSh gumanitar agentliklari Bangladeshdagi rohinja qochoqlariga yordam ko’rsatish bilan birga Myanmadagi taraqqiyot dasturlarini ham qo’llab-quvvatlab kelmoqda.
Myanma rasmiylari Bangladeshdagi 5000 dan ziyod qochoqlarning joriy haftada vatanga qaytishini tasdiqlagan.
Tahlilchilar rohinja qochoqlarining Myanmaga qaytishi uchun zarur xavfsizlik ta’minlanishiga shubha bilan qaramoqda.
“Garchi Myanma ma’muriyati bir necha ming qochoqlarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan bo’lsa-da, rohinjaliklarning vataniga qaytishi uchun o’zlarini naqadar xavfsiz sezayotgani aniq emas”, - deydi Jon Xopkins universitetining Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasi bo’yicha mutaxassisi Vikram Neru.
Uning aytishicha, “Myanmada xavfsizlik ta’minlanishining xalqaro kuzatuv ostida bo’lishi vatanga qaytishning muhim sharti sanaladi”.
Bangladesh va Myanma hukumatlari o’rtasida o’tgan oyda tashkil etilgan muzokaralar natijsida minglab qochoqlarni vataniga qaytarishga kelishib olingan. Rohinja musulmonlari jiddiy havotirda yashamoqda. Myanmaga qaytish jarayoni rasman joriy oyda boshlanishi kutilmoqda.
Ayrim qochoqlar Myanmaga qaytib, ta’qib ostida yashagandan ko’ra o’z joniga qasd qilishni afzal ko’rmoqda. Myanma harbiylari musulmonlarga qarshi genotsid kampaniyasini joriy qilganlikda ayblanmoqda.
“Ortga qaytsak, ular bizni qatl qilishi, qiynoqqa solishi mumkin. Biz bir marta bor bisotimizdan ayrilib ulgurdik”, - deydi o’z shaxsini tanitishni istamagan qochoq. Lager yetkachilari unga oilasining Myanmaga qaytuvchilar ro’yxatiga kiritilganini ma’lum qilishgan.
BMT mutaxassisi Yangi Li Myanmadagi inson huquqlari bo’yicha hisobotida ikki davlatni joriy oyda rohinja musulmonlarini vatanga qaytarish rejasidan voz kechishga chaqirgan. Reja amalga oshsa, rohinjaliklar bosim va ta’qib ostida qolishi mumkin.