AQSh hududiga Meksika orqali kirishga urinayotgan Markaziy Amerika migrantlari chegaradan o’tkazilmaydi. Bu haqda AQSh Prezidenti Donald Tramp 26-noyabr kuni tarafdorlari bilan uchrashuvda e’lon qilgan.
“Chegaramizdan noqonuniy yo’llar bilan o’tmoqchi bo’lgan migrantlar karvoniga aytadigan gapimiz shu: Hoziroq ortingizga qayting, vataningizga boring, biz sizlarni kiritmaymiz!” – dedi Prezident Tramp Mississippi shtatida o’tgan tadbirda.
Prezident Tramp Meksika bilan chegarada yuz bergan to’qnashuvlarga izoh berar ekan, chegara patrul xizmati xodimlari va harbiylar faoliyatiga yuksak baho berdi. Shuningdek, migrantlarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llanilganiga ham to’xtaldi.
“Avvalo, yoshlantiruvchi gazning eng kuchsiz turidan foydalanildi. U beziyon”, - dedi prezident.
Donald Tramp chegara patrul xizmati xodimlaridan uch nafari migrantlar amalga oshirgan toshbo’ronda jiddiy jarohatlanganini aytgan.
Prezident bayonoti Bojxona va chegara xavfsizligi komissari Kevin Mak-Alinan bergan ma’lumotga zid kelgan. Komissar “To’rt xodimga tosh tekkan, ular maxsus himoya kiyimlarida bo’lgani uchun jiddiy zarar ko'rmadi”, - degan.
To’qnashuvlar ortidan AQSh rasmiylari San-Isidro shahridagi chegarani vaqtinchalik yopib qo’ygan.
Eslatib o’tamiz, 25-noyabrda AQSh va Meksika o'rtasidagi San-Isidro chegara punktida migrantlarning tinch namoyishi to'polonga aylanib ketgan. Ular boshpana olish murojaatlarining ko’rib chiqilishi uzoq cho’zilayotganiga norozilik bildirgan. Yuzlab odam AQSh tomonga o'tishga harakat qilgan. AQSh askarlari ko'zni yoshlantiruvchi gaz vositasida ularni to’xtatishga erishgan.