Breaking News

Qish yaqinlashar ekan, Meksika-AQSh chegarasida migrantlar to'planmoqda


AQSh-Meksika chegarasida muhojirlar karvoni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

Ob-havoning sovuqlashishi ketidan AQSh-Meksika chegarasida Amerikaga kirish uchun ruxsat kutib turgan migrantlarga issiqroq joyda kutish tavsiya etildi. Ikki mamlakat o'rtasida chegara vazifasini bajarayotgan El-Paso del-Norte ko'prigida turgan muhojirlarga AQSh rasmiylari ularning navbati ketib qolmasligini, ko'ngilni xotirjam qilishlarini aytishgan.

El-Paso del-Norte ko'prigi Texasning El-Paso va Meksikaning Syudad-Xuares shaharlarini bog'lab turadi. AQShga kirishdagi eng katta to'siq - chegarada uzoq vaqt kutish.

"Juda qiyin jarayon bu. Havo sovib ketdi. Quyosh ham kuchli. Soyali joy ham yo'q. Lekin shu yerdamiz. Hayot qiyin, ammo olg'a siljishda davom etamiz", - deydi gvatemalalik migrant.

AQShga qonuniy kirish uchun har kuni 200 tacha odam ko'prikdan o'tib, siyosiy boshpana so'raydi. Lekin minglab muhojirlar karvoni yaqinlashar ekan, bu yerda kutish muddati qanchaga cho'zilishi savol ostida.

"Bu muhojirlar qoida bo'yicha hujjat topshirishyapti. Ular chegaraga kelib tekshiruvdan o'tadi va siyosiy boshpana so'ragach, AQShga kiritilib, qochqinlik maqomi belgilanguncha hibsxonada yoki ozodlikda bo'ladi", - deydi huquqshunos Iliana Xolgium.

Mutaxassislarning aytishicha, boshpana olish maqsadida AQShga qonuniy kirgan odamlarga bu maqomni berishni cheklash haqidagi Trampning farmoni noqonuniy. Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi farmon ustidan sudga shikoyat qildi.

"Qonunga ko'ra, chegaraga kelgan har bir odam boshpana so'rashga haqli, agar yurtiga qaytishdan qo'rqayotgan bo'lsa", - deydi advokat Sho Dreyk.

AQShga kirgan bunday shaxslar, agar yosh bolalari bo'lmasa, hibsxonada ushlab turiladi. Eddi Gonzales uch yil oldin Kubadan yo'lga chiqqan.

"Uch yildan beri mamlakatimdan olisdaman. Bu yerda olti kundan beri yotibman. Bularning oldida uch oy qamoqda o'tirish nima bo'libdi? Bu shunga arziydi, axir ozod bo'laman", - deydi u.

Bolali oilalar qamoqda uzoq qolmaydi, chunki AQSh qonuni bo'yicha, bolalar 20 kundan ortiq hibsda saqlanishi mumkin emas. Chegara xodimlari ularni avtobuslarga joylab, maxsus markazlarga olib boradi. Muammoga doimiy yechim topish kerak, deyayotganlar ko'p.

"Chegarani qanday qilib bo'lsa ham yopish kerak. Devor xunuk ko'rinishini bilaman, imijimiz buziladi. Bizga nima muhim - imijmi yoki muammoning yechimimi? Muammoni hal qilishimiz kerak. Odamlar qayerda ishlayotganini nazorat qiladigan tizim bo'lsin. Ular bu yerda qonuniymi yoki yo'qmi? Shuni hal qilishimiz kerak", - deydi Respublikachilar partiyasining mahalliy idorasi vakili Bob Pena.

Muhojirlar oqimi yaqinlashar ekan, Tramp ma'muriyati janubiy chegaraga besh mingdan ziyod askar joylashtirdi. Ularning soni yanada oshishi mumkin, ammo bu doimiy yechim emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG