Hisobot: Xitoy va Rossiya G'arb bardoshini sinamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Londonda joylashgan Strategik tadqiqotlar xalqaro instituti hisobotiga ko'ra, Rossiya, Xitoy va boshqa ayrim o'lkalar dunyo yetakchisi bo'lgan qudratli davlatlarning bardoshini sinab ko'rishga urinmoqda. Ular buning uchun agressiya, proksi urushlardan tortib kiber xurujgacha bo'lgan turli usullardan foydalanmoqda.

Qrim yaqinidagi Azov dengizida uch Ukraina kemasining Rossiya tomonidan hibs qilinishi shunga bir misol sifatida keltirilgan. Rossiyaga ko'ra, kemalar uning hududiga noqonuniy kirgan.

Kiyev esa Qora dengizdagi portlari yo'li ataylab to'silayotganidan shikoyat qilmoqda. Qrimni Rossiya bilan ulovchi yangi ko'prik Kerch bo'g'ozidan o'tuvchi kemalar hajmiga cheklov qo'ygan.

"Strategik so'rov" hisoboti muallifi Nik Redmenga ko'ra, Rossiya G'arb bardoshini sinash strategiyasini qo'llamoqda.

"Ular agressiv, lekin harbiy javob qaytarishni talab qilmaydigan usullar orqali boshqa davlatlarning zaif nuqtalarini, bardoshini tekshirib ko'rmoqda", - deydi u.

Hisobotda bu kurash an'anaviy va yangi qudratlar o'rtasidagi raqobat deya ataladi.

Eron ham "bardosh janglari"ga qo'l urgani, Inqilobiy gvardiya kuchlari hamda Yaqin Sharqdagi proksi guruhlar orqali Suriyani izdan chiqargani aytiladi.

Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi faoliyati esa G'arb sabrini sinashga qaratilgan, deydi Redmen.

"Xitoy harbiy flotini ishlatmasdan, lekin boshqa suv va chegara xizmatlaridan foydalanib, Janubiy Xitoy dengiziga kirib boryapti. Orol qurish va uning atrofida infratuzilmani kuchaytirish orqali to'g'ridan to'g'ri hech kimga qarshi chiqmayapti, lekin hududdagi vaziyatni o'zgartiryapti", - deydi tadqiqotchi.

Bunday choralarga G'arb qanday javob qaytarmoqda? Shu yil boshida sobiq rus josusining Britaniya tuprog'ida zaharlanishi Rossiyaga qimmatga tushdi.

"Kuchli va tizimli javob bo'ldi. Sanksiyalar, diplomatlarning haydalishi bo'yicha katta yakdillik, Rossiya harbiy razvedkasini fosh qiluvchi bir necha oylik axborot amaliyotiga guvoh bo'ldik", - deydi Redmen.

Hisobot mualliflariga ko'ra, yangi geosiyosiy kurash xalqaro munosabatlardagi qoidalarni o'zgartirishni taqozo qilmoqda. Lekin bunga erishish juda murakkab jarayon.