Iroqda bugun IShID yo'q, ammo hujumlari tinmagan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Iroq "Islomiy davlat" ustidan g'alaba qozonganiga bir yil bo'ldi. Lekin mamlakatda vaziyat hanuz qaltis, terrorchilar hujumi tinmagan. Aholining xavotir olishicha, agar mazhablararo ziddiyat va iqtisodiy tanglik bartaraf etilmasa, jangari guruh qayta bosh ko'tarishi mumkin.

Xafsa deb ataladigan bu ulkan chuqurlikda o'n minglab odamlarning jasadi borligi aytiladi. "Islomiy davlat" hududdan chiqib ketayotganda ortida ko'plab bombalarni qoldirgan. Shu bois jasadlarni kovlab olish deyarli imkonsiz.

Qurbonlar askarlar, hukumat ishchilari va oddiy fuqarolardan iborat. Ko'plari shu yerda yoki Musul shahri atrofida o'ldirilgan.

Xafsaga eltuvchi yo'ldan yurishga ko'pchilikning yuragi dov bermaydi. Lekin mahalliy odamlar bombalardan qo'rqmaydi.

"Portlovchi moddalar qayerdaligini bilamiz, shu bois qo'rqmaymiz. Lekin jangarilar qaytishidan qo'rqamiz, qo'limizda qurolimiz bor", - deydi iroqlik cho'pon.

Iroq IShID ustidan qozonilgan g'alabaning bir yilligini nishonlamoqda. Bugun mamlakatdagi hech bir shahar guruh nazoratida emas.

Ammo zo'ravonlik to'xtagani yo'q. Vashingtonda joylashgan tashkilot hisobotiga ko'ra, 2018-yil har oy IShID o'rtacha 75 ta hujum uyushtirgan. O'tgan oy restoranda yuz bergan xurujda ham sakkiz kishi o'lgan, 20 dan ortiq odam yaralangan.

Aholining aytishicha, so'nggi hujumlar Musulda xavfsizlik tiklandi, degan qarashlarni yo'qqa chiqarmoqda.

"Ovqat olgani restoranga kirishgan edi, endi ular yo'q", - deydi guvohlardan biri qurbonlar haqida.

Tahlilchilar fikricha, doimiy xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha jiddiy choralar ko'rilmagan. Vayron bo'lgan mahallalar qayta tiklanmagan, mazhablararo ziddiyatlar davom etmoqda. Iroqning bepoyon cho'li esa ekstremistlar uchun boshpana vazifasini o'tamoqda. Mamlakat 2003-yil Saddam Husayn hokimiyati ag'darilgandan beri urush va zo'ravonlik domiga tortilgan.