Breaking News

Xalqaro koalitsiya: Iroq va Suriya IShIDdan xalos bo'ladi


IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya maxsus harbiy bo’limi matbuot kotibi polkovnik Shon Rayn Bag'doddagi konferensiyada nutq so'zlamoqda, 2017-yil, 24-avgust.
IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya maxsus harbiy bo’limi matbuot kotibi polkovnik Shon Rayn Bag'doddagi konferensiyada nutq so'zlamoqda, 2017-yil, 24-avgust.

“Iroq va Suriyani IShIDning so’nggi kuchlaridan ozod etish harakatlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda”, - deydi AQSh boshchiligidagi koalitsiya maxsus harbiy bo’limi matbuot kotibi polkovnik Shon Rayn.

Uning ma’lum qilishicha, Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakat xavfsizligini ta’minlab, olis Anbar cho’li, Kirkuk, Diyala va Saloh ud-Din tog’larida IShIDning qolgan guruhlari iziga tushgan. Yo’llar va mamlakat infrastrukturasini jangarilar hujumidan himoya qilish bilan birga xavfsizlik xizmati IShIDning saqlanib qolgan guruhlari joylashgan yerlarni topish, ularning shaxsini aniqlash va yo’q qilish operatsiyalarini davom ettirmoqda.

Avgust oyining ilk haftasida Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakat bo’ylab terrorchilikda gumon qilinayotgan 50 dan ziyod shaxsni hibsga oldi. Shuningdek, 500 ta qo’lbola portlovchi vosita va o’q-dorilarni qo’lga kiritdi.

Bundan tashqari, Iroq xavfsizlik kuchlari Irbil, Kirkuk, Xaviya, Samarra, Saloh ud-Din hududlarining gavjum yo’llari hamda jangarilar tarafidan bir necha bor hujumlar uyushtirilgan mahalliy hokimiyat binolarining xavfsizligini saqlash va terrorchilardan tozalash ishlarini davom ettirmoqda.

Polkovnik Raynning bildirishicha, Suriyada koalitsiya kuchlari va ularning hamkorlari harbiy operatsiyalarning uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Dala hujumlari hali boshlanganicha yo’q. Qurshab olish operatsiyasi IShIDning Furot daryosi vodiysida saqlanib qolgan so’nggi kuchlarini mag’lub etishni tezlashtirishga qaratilgan harakatdir.

Operatsiyalarga hozirlik ko’rar ekan, Suriya mudofaa kuchlari Furot daryosi vodiysida IShIDning tayanch nuqtasi bo’lib turgan Hajinni tark etayotgan fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlamoqda. Vodiy hududidan qochishga uringan jangarilarni qo’lga olishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shimoli-sharqiy Suriyaning qolgan hududlarida mahalliy xavfsizlik kuchlari huquqni muhofaza qilish organlari va qo’lbola portlovchi vositalarga qarshi kurash faoliyati doirasida shaharlar xavfsizligini ta’minlab turibdi. Bu jamiyatni barqarorlashtirish harakatlarini davom ettirish va IShID kuchlarining qayta tiklanishining oldini olish imkonini bermoqda.

Iroq va Suriyada IShIDning tashkil topishiga sabab bo’lgan sharoitlarning takrorlanmasligiga muhim e’tibor qaratilgan. Iroqda hukumat yordamga muhtoj hududlarda yashash sharoitini yaxshilashga urinmoqda. Jumladan, IShIDga qarshi janglarda talofat ko’rgan infrastrukturalarni qayta tiklash, elektr quvvati va suv kabi kundalik maishiy ehtiyojlarni qondirish masalalari jiddiy nazoratga olingan.

Suriyada barqarorlikka erishish harakatlari odamlar hayotini saqlash, hududlarni minalardan tozalash, suv, elektr quvvati va asosiy ehtiyojlarni qondirishni ta’minlashga qaratilgan.

AQSh va uning ittifoqchilari IShID kuchlarini Iroq va Suriyadan nafaqat siqib chiqarish, balki ularning hech qachon ortga qaytmasligini ta’minlash uchun kurashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG