Breaking News

Rasmiylar: IShID hamon qudratli kuch


IShID ustidan g’alabaga erishish AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan taxmin qilinganidan ko’ra murakkabroq ekani yuzaga chiqmoqda. Razvedka xizmatining so’nggi ma’lumotiga ko’ra, o’zini xalifalik deb e’lon qilgan harakat qayta qad rostlash uchun “qulay holatda”.

Bir necha oydirki, AQSh va koalitsiya rasmiylari havo va quruqlikdagi qo’shma operatsiyalarda jangarilarni siqib chiqarayotgani haqida gapirishayotgan edi. IShID Iroq va Suriyada egallab turgan hududlarining 98 foizidan tozalangani haqida rasman e’lon qilingan.

Bugun ana shu rasmiylarning o’zi tahdidlar bitmaganini tan olmoqda.

IShID “o’z tarkibini to’ldirish va xalifalikni qayta tiklash ustida ishlash uchun qulay sharoitga ega”, deb yozadi Pentagon matbuot kotibi Shon Robertson “Amerika Ovozi”ga yo’llagan elektron axborotida.

Unga ko’ra, IShID 2006-2007-yillarda katta kuchga ega bo’lgan al-Qoidadan ham qudratliroq bo’lishi mumkin va IShID tahdidi saqlanib qolmoqda. Bir IShID jangarisi ham ko’p dedani, deydi u.

Robertsonning axboroti Mudofaa departamenti razvedka xizmati IShIDning Iroq va Suriyadagi kuchlarini miqdoriy baholaganiga doir savolga javoban yuborilgan. Taxminlarga ko’ra, IShID tarkibida 28 mingdan 32 minggacha jangari bor. Bu IShID ayni kuchga to’lgan davrdagi raqamlarga juda yaqin ko’rsatkich.

BMT tomonidan e’lon qilingan yana bir axborotda IShID tarkibida ikki davlat hududida joylashgan 30 mingga yaqin jangari borligi qayd etilgan.

IShID qudrati va resurslarini aniq miqdoriy baholash G’arb harbiylari va razvedka xizmatlari uchun muammoli masala bo’lib kelgan.

Amerika harbiy rasmiylarining bildirishicha, bugungi kunga qadar koalitsya kuchlari tomonidan 24 ming havo hujumlari amalga oshirilib, 70 mingga yaqin jangarilar yo’q qilingan.

Terrorchi guruhning moliyaviy qudrati avvalgiday emas, biroq hanuz faoliyat yuritish uchun yetarli.

Hafta avvalida BMT taqdim etgan xabarda IShIDning moliyaviy zaxirasi qisqargani, biroq aslo ayanchli ahvolda emasligi qayd etilgan. Unda ta’kidlanishicha, IShID qo’rqitib pul undirish, odamlarni garovga olish, soliqlar va neftdan mo’may daromad ko’rishda davom etmoqda. IShID yil boshida harbiy to’qnashuvlar shiddati zaiflashgan davrdan unumli foydalanib, shimoli-sharqiy Suriyadagi neft konlaridagi faoliyatini qayta tiklab olishga erishgan.

Shuningdek, koalitsiya ittifoqchilarining bosimiga qaramay, kontrabanda marshrutlari hanuz saqlanib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG