Baxtiyor Roziqov muhojirotda o'z kasbini davom ettirib, yangi jamiyatda ham obro' qozonayotgan o'zbekistonlik vatandoshlardan. Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida u asos solgan “Philakarate” sport klubi uch yildirki faoliyat ko'rsatmoqda. Klub o'tgan qisqa davr davomida o'nlab chempion va mohir karatechilarni tarbiyalagan. Yangi yil bazmlari arafasida klub o'tgan davr davomidagi faoliyatini sarhisob qildi.
“Philakarate” sport klubida haftasiga uch kun - chorshanba, shanba va yakshanba kunlari - 100ga yaqin bola va o'smirlar karate bilan shug'ullanadi. Klubni Baxtiyor Roziqov 2016-yil mart oyida tashkil etgan.
“Oradan uch oy o'tib shogirdim oltin medalni qo'lga kiritganida ko'zimga yosh kelgandi. Shunda men muhojirlikning 12 yillik azob uqubatlari ortda qolib, yana o'z kasbimga qaytganimdan quvongandim” - deya o'sha vaqtlarni eslaydi karate bo'yicha chempion Baxtiyor Roziqov.
AQShga ko'chgach qator xalqaro chempionatlar g'olibi, tajribali murabbiy, Samarqand karate federatsiyasi sobiq prezidenti Roziqov ham ko'p qatori muhojirotning past-balandini ko'radi.
12 yil o'tib o'z kasbiga qaytadi. Yana hammasini bir vaqtlar Samarqanddagi kabi qaytadan boshlaydi. Bu jarayon oson kechmagan.
“2016-yil o'z klubimizni ochganomizda jami 5 kishi mashg'ulotga kelishardi. Bular mening o'g'lim, do'stim Alekseyning o'g'li, ukam Zafarning ikki bolasi va yana bir jiyanim. Ikki oycha 5 kishi bilan shug'ullanib yurdik. So'ngra birin-ketin boshqalar ham klubimizga qo'shila boshladilar. Oradan uch oy o'tib biz musobaqalarda qatnashdik. Bu voqea 2016-yil iyun oyida ro'y berdi. Jahon Karate Uyushmasining Pokonoda o'tkazilgan bellashuvida qatnashib 5 ta oltin medalni qo'lga kiritganmiz, shunda” - deydi Baxtiyor Roziqov.
Klubda Filadelfiyada yashaydigan turli millat vakillari farzandlari karate sirlarini o'rganadi. Aholisi 1,5 milliondan oshiq Filadelfiyaning nisbatan yosh muhojir jamoalari O'zbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston,Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlaridan kelgan oilalar uchun bu sport maktabi ochilgani ayni muddao bo'lganligini ota-onalar ta'kidlashadi. Gap shundaki, “Philakarate” murabbiylari ularning tilida so'zlashadi.
“O'glim birinchi sinfga borganida bolani band qilish uchun mashg'ulotlar qidirdik. Bir gal duxturga borganimizda Baxtiyor Roziqov to'g'risida gapirishdi. O'zimizning o'zbekistonlik karate murabbiyi klub ochgan, borib ko'ringlar deyishdi. Shundan so'ng kelganmiz. Qariyb uch yil bo'lyapti o'g'limning mashg'ulotlarga qatnashayotganiga. Karate to'garagida qatnashni boshlaganidan so'ng xulqida ham, har tomonlama o'zgarishlar bo'ldi. Sport bilan shug'ullangach hamma ishni o'z vaqtida bajarishga harakat qilishadi. Telefon, kompyuterlarni kamroq o'ynashadi. Ayniqsa o'g'il bolalarga sport bilan shug'ullanishning foydasi katta. Sog'lig'iga ham, tarbiyaviy tomondan ham. Sensey Baxtiyor Roziqovdan minnatdormiz. Bolalarni tarbiyalashda bizga katta yordamlari tegayapti,”- deydi namanganlik Shahlo Norboyeva.
“Haligacha esimda shogirdim ilk oltin medalni olganida yig'lab yuborishimga oz qolgandi. Negaki orada katta uzilish bo'lib yana murabbiylikni boshlagandan keyin medal oldik. Shogirdlarim O'zbekistonga borib g'alaba qozonganida esa ko'zimga yosh kelgani hamon yodimda. Shundan so'ng “Philakarate”ga bolalar qiziqishi kuchaydi. Ungacha men reklama bergandim, gazetalarda yozdim, internet orqali chaqirdim, kelinglar klubimizga deb. Natijasi bo'lmadi. Hech biri ota-onalarning bir-biriga tavsiya berganiga kelmas ekan. Hozir hisobimga ko'ra 100ga yaqin bola klubimizda shug'ullanmoqda. Klubimiz taraqqiy topayapti. Shu kunga qadar biz 10-12 ta katta turnirlarda qatnashdik. Karib orollarida 2017-yilda o'tgan Karate bo'yicha jahon chempionati shular jumlasidan. Unda o'zim ham qatnashdim. Biz 5 ta oltin va bittadan kumush va bronza medallarini olib qaytdik. Musobaqalarda bizning tarbiyalanuvchilar o'z iqtidorlari bilan zafar quchdilar deya olaman", - deydi murabbiy.
Yangi 2019-yilni qarshilash arafasida “Philakarate” uch yillik faoliyatini sarhisob qildi. Baxtiyor Roziqovning AQSh va xalqaro musobaqalarga qatnashgan shogirdlari uch yil davomida 187 medalga sazovor bo'lishgan. Musobaqalardan ular 72 ta oltin, 50 ta kumush va 65 ta bronzani qo'lga kiritib qaytgan.
Filadelfiya shahridagi “Suzani Palace” o'zbek restoranida bo'lib o'tgan tantanali tadbirda klubning faol a'zolari, ularning ota-onalari, klub homiylari taklif etildi. Maqsad, faol shogirdlarni va klubning shakllanib buning ortidan yutuqlarga erishishiga hissa qo'shib kelayotganlarni Yangi yil bayrami bahonasida taqdirlash edi.
Klub a'zolarining ushbu tadbirida O'zbekiston diplomatlari ham qatnashdilar. Boisi klub ikki davlat odamlarini sport orqali o'zaro yaqinlashtirishga harakat qilayotganida. Xususan, klubning yosh karatechilari 2018-yilda “Samarkand open” xalqaro turnirida qatnashib muvaffaqiyat qozonganlar, shu orqali O'zbekistonni amerikaliklarga tanitganlar.
Tantana tugadi. Murabbiy va uning jamoasi yana izlanishda. Axir, endi karate klubining shogirdi 5 tagina emas.
“Demak biz o'z zalimiz bo'lishi uchun intilmasak bo'lmaydi”, - deydi Baxtiyor Roziqov.