Afg'onistonda prezidentlik saylovi kechiktiriladi

  • Amerika Ovozi

Parlament saylovida ovoz berayotgan ayol, Kobul, Afg'oniston, 20-oktabr, 2018-yil.

Afg’onistonda 2019-yilning aprel oyiga belgilangan prezidentlik saylovi bir necha oyga kechiktiriladi. Afg’oniston rasmiylarining bildirishicha, joriy yilning oktabr oyida o’tgan parlament saylovlaridagi texnik muammolarni bartaraf etish maqsadida ana shunday qaror qilingan.

Mustaqil saylov komissiyasi matbuot kotibi o’rinbosari Abdul Aziz Ibrohimiy masalaga oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, saylovchilar ro’yxatini nazorat qilishni takomillashtirish va shaxsni biometrik belgilar asosida aniqlashga mas’ul xodimlarni tayyorlash uchun qo’shimcha vaqt lozim. Mazkur chora saylov jarayonidagi firibgarliklarning oldini olib, adolatni ta’minlaydi.

Biometrik tizim bo’yicha treninglardan o’tgan oz sonli xodimlar parlament saylovlarida tegishli okruglarga kelmagan. Natijada minglab fuqarolar saylovchilar ro’yxatidan o’zlarini topa olmagan. Ovoz berish jarayonlari ertasi kuni ham davom etgan. Biroq aksariyat saylov uchastkalari bir necha soat kechikib ish boshlagan. Saylov natijalari bo’yicha yuridik shikoyatlar ham kelib tushgan.

Prezidentlik saylovining aniq sanasi hozircha belgilangani yo’q.

Mamlakatda 2014-yilda bo’lib o’tgan so’nggi prezidentlik saylovi jiddiy ziddiyatlarga sabab bo’lgan. Saylovda keng miqyosda firibgarlik ishlatilgani aytiladi.

Afg’oniston prezidentligiga ikki yetakchi nomzod Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla o’rtasidagi keskin kurash takroriy saylovga sabab bo’ldi. Ikkinchi tur natijalari e’lon qilinmay turib, Abdulla Abdulla saylovda firibgarlik ishlatilgani va bu mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlariga sabab bo’lishini ma’lum qildi.

AQShning ana shu paytdagi davlat kotibi Jon Kerri vaziyatni nazoratga olish va hukumatda birdamlikni saqlab qolishga jiddiy ko’mak bergan. Saylov komissiyasi ikkinchi tur natijalarini e’lon qilmagan edi.

Ashraf G’ani prezidentlik kursisiga o’tirdi. Abdulla Abdulla yangi joriy etilgan ijro hokimiyati boshqaruvchisi lavozimini egalladi. Ana shunday tartib ikki yil davom etishi ko’zda tutilgan edi. Biroq hanuz hech qanday o’zgarish yuz bermagan. Hukumat doirasida bo’linish va qarama-qarshi pozitsiyalar hukmron. Bu mamlakatda tinchlik o’rnatish va Tolibon bilan munosabatlarni izga solishga halaqit bermoqda.

Saylovning kechiktirilishi Amerikaning urushni yakunlashga doir intilishlariga ham muhim zamin yaratdi. AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Xalilzod bir necha bor mintaqa mamlakatlari va Tolibon rasmiylari bilan muzokaralar olib bordi.

Xalilzod kelasi yil aprelidagi saylovga qadar Tolibon va afg’on hukumati o’rtasida murosaga erishishga doir yo’l xaritasini ishlab chiqishga chaqirayotgan edi. Biroq ikki tomon ham buni amalga oshirishning iloji yo’qligini ta’kidlagan.