Amerika diplomatiyasining yil yakunidagi sarhisobi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp o'z siyosatida Amerika manfaatlarini birinchi o’ringa qo’yishini aytadi. Mazkur tamoyil Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan jahon siyosiy institutlarini sarosimaga solgan. Tramp ma’muriyatining tashqi siyosati mazmun va mohiyat jihatidan o’ziga xos xususiyatlarga ega.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo joriy yilning may oyida ish boshlar ekan, hukumatga dunyo gegemonligini qaytarishga ko’maklashishini bildirgan. Prezidentning Amerikani ustun qo’yuvchi siyosatiga hissa qo’shishga so’z bergan.

Pompeoning Yevropa mamlakatlariga aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartib barchaga pand berdi.

“Bitimlarga amal qilmaganlarga chora ko’rish, bitimni esa tuzatish yoki tugatish kerak”, - deydi Pompeo.

Tramp rahbarligidagi Amerika Eron bo’yicha yadroviy bitim va Iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan chiqib ketdi. Shuningdek, prezident yuqori martabali rasmiylarni ham tez yangiladi. Tahlilchilarga ko’ra, Tramp o’z yo’rig’iga yuradigan yangi jamoa tuzishni maqsad qilgan.

“Ikki yil o’tib, Tramp atrofiga so’zsiz bo’ysunadigan mulozimlarni to’pladi”, - deydi tahlilchi Selia Belin.

Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan Singapurda boshlagan muzokaralari natija berganicha yo’q.

“Amaliy o’zgarishlar yuz bermadi, biroq ana shu muzokara bo’lib o’tganining o’zi ham katta yutuq”, - deydi mutaxassis Lyuk Koffi.

Biroq Tramp iyul oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o’tkazgan uchrashuvi uchun jiddiy tanqidga uchradi. Prezident 2016-yilgi saylovlarga Rossiyaning aralashuviga ko’z yumib kelayotgani jiddiy norozilik uyg’otdi.

“Prezident Tramp va Putinning Xelsinkidagi uchrashuvi Amerika tashqi siyosatining eng zaif ko’rsatkichi bo’ldi. Tramp ma’muriyatining sharmandali kuniga aylandi”, - deydi Koffi.

“Vashington post” gazetasi muxbiri Jamol Qoshiqchining Turkiyada, Saudiya Arabistoni konsulligida o’ldirilishi xalqaro hamjamiyatni larzaga soldi. Qotillik oshkor etilgach, Tramp Saudiya bilan ittifoqchilikni buzmasligini e'lon qildi. Tahlilchilarga ko’ra, Amerikaning loqaydligi boshqa avtoritar rejimlarga ham kuch beradi.

“Tramp iqtisodiy manfaat ma’naviy qadriyatlardan ustunligini aytdi”, - deydi Belin.

Tahlilchilar fikricha, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo, Janubiy Xitoy dengizi va kiber xavfsizlik bo'yicha ziddiyatlar yangi yilda ham davom etadi.