Amerikada oliy ma'lumotsiz yaxshi ish topish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Amerikada mo’may daromadli ish o’rinlari oliy ma’lumotni talab qiladi. Biroq sanoat va texnologiyalar sohasida o’rta maktab bitiruvchilari uchun ham yaxshi imkoniyatlar bor.

“Oliy ma’lumot juda muhim, biroq diplomsiz ham yaxshi maosh olish mumkin. Jumladan, texnologiyalar sohasida bakalavrlik darajasini talab qilmaydigan ish o’rinlari mavjud. Maktabni tamomlagach, tegishli yo’nalishda maxsus sertifikatni qo’lga kiritishning o’zi kifoya. Aksariyat ish beruvchilarga texnologiyalar bo’yicha mahorat va malakasini namoyish eta olgan xodimlar lozim. Ularning oliy ma’lumotli bo’lishi shart emas”, - deydi moliya sohasiga ixtisoslashgan Kiplinger.com sayti muharriri Steysi Rapakon.

Jorjtaun universitetining Ta’lim va ishchi kuchi markazi maoshlarga doir tahliliy hisobotini taqdim etdi. Unga ko’ra, 25-44 yoshlilar uchun 35 ming, 45-64 yoshlilar uchun 45 ming dollar yillik daromad keltiradigan ishlar “yaxshi ishlar” sifatida tasnif qilingan.

Markaz ma’lumotlariga ko’ra, maktab bitiruvchilari uchun 1991-yilda mamlakatda 15 milion yaxshi ish o’rinlari mavjud bo’lgan. Mazkur ko’rsatkich 2016-yilga kelib 13 millionga tushgan. Ayni damda yaxshi ish o’rinlarining 20 foizini maktab bitiruvchilari egallab turibdi. Ularning aksariyatini erkaklar band etgan.

Kiplinger.com saytining bildirishicha, oliy ma’lumotga ega bo’lmagan amerikaliklar uchun savdo-sotiq vakili, kompyuter mutaxassisi va elektr quvvati tizimlari o’rnatuvchisi eng yaxshi ish o’rinlari hisoblanadi.

Sog’liqni saqlash sohasi ham maktab bitiruvchilar uchun yaxshi imkoniyatlarni yaratmoqda. Jumladan, sog’liqni saqlash texnologi, tibbiy kotib, feldsher va stomatolog assistenti kabi o’rinlar eng yaxshi ishlar sirasiga kiradi.

Shuningdek, neft, gaz va konchilik xizmati operatori, transportatsiya menejeri, mahsulotlarni saqlash va tarqatish xizmati boshqaruvchisi, isitish va sovutish bo’yicha texnik xodim, lift mexanigi, styuardessa va santexniklik ishlari ham yaxshi ishlar ro’yxatidan o’rin olgan.