AQSh mehnat bozori iyul oyida kutilganidan ortiq natija ko'rsatdi. Mamlakat bo’ylab 209 ming yangi ish o'rinlari yaratildi, ishsizlik darajasi 4,3 foizga tushdi. Lekin maoshlar o'sgani yo'q.
Iqtisodchilarning aytishicha, ishlashga layoqatli bo’lgan amerikaliklar chetda qolib ketmoqda, ba’zilari qaytadan o’qishga bel bog’lagan yoki shunchaki uyda o’tirib ro’zg’or ishlari bilan band.
2008-yilgacha bo’lgan iqtisodiy inqirozdan oldin mehnatga layoqatli amerkaliklarning 70 foizi ishlar edi. O’tgan 16 yil mobaynida ishsizlik darajasi past bo’lishiga qaramay, mehnat bozorida bandlik 60 foizdan oshmayapti. Garvard universiteti professori Uilyam Sprigs bu jarayonni “mehnat bozoridagi sustlik” deya ta'riflaydi, ya’ni ishchilar ish izlaydi, ish beruvchilar esa mehnatkashlarni. Mana shu sabab ham maoshlar oshmagan, deydi u.
“Haqiqat shundaki, firmalar kadrlar kamomadini sezmayapti”, - deydi mutaxassis.
Ba’zi amerikaliklar iqtisodiy inqirozdan keyin ish qidirmay qo'ydi. Bundaylar ishsizlar qatoridan olib tashlandi. Iqtisodiy inqiroz davrida ishini yo’qotgan ko’plab afro-amerikaliklar va ozchilikdagi boshqa etnik guruhlar 2008-yildan keyin ancha o’zini o’nglab oldi. Lekin ayollar, ayniqsa davlat sektoridagilar uchun jarayon qiyin kechdi, deydi iqtisodchi Lindsi Piyegza.
“Ayollar erkaklarga qaraganda har bir dollardan 20 sent kamroq pul topadi. Biroq bolalar bog'chasi uchun to'lovlar keskin qimmatlar ekan, ko'p ayollar uyda qolishni afzal ko'rmoqda”, - deydi u.
“Ikkinchi jahon urushidan keyin aholining keskin o'sishi oqibatida ayollarning mehnat bozorida roli oshdi. Ayollar ishlamasa, sog’lom iqtisodni targ’ib qilib bo’lmaydi”, - deydi professor Sprigs.
1946-yildan 1964-yilgacha vaqt oralig'ida tug’ilganlar ayni damda nafaqa yoshiga yetib qolyapti. Piyegzaning fikricha, ishga layoqatli bo’lgan ayollarni mehnatga jalb qilish juda muhim.
“Agar ayollar mehnat bozorini umuman tark etsa, bu iqtisodiy o’sish, samaradorlikka katta ziyon bo'ladi”, - deydi Piyegza.
Ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 1999-yilda avjiga chiqib, 60 foizga ko’tarilgan edi. Keyinchalik esa bu raqam 57 foizga tushib ketdi.
Xalqaro valyuta jamg'armasi izlanishlariga ko’ra, ayollar ishtirokini yiliga bir foizga oshirib borish ish samaradorligini har yili 0,33 foizga ko’tarishi mumkin.
Facebook Forum