Breaking News

Amerika hanuz sehrli diyormi?


Yozuvchi Alisa Kvartning ta’kidlashicha, AQShda hayot xarajatlari ortmoqda. U “New York Post” gazetasida e’lon qilingan maqolasida uy-joy, ta’lim, sog’liqni saqlash bilan bog’liq xarajatlarga e’tibor qaratgan.

Ayni paytda, yangi tadqiqotlar 1980-yillarda tug’ilgan amerikaliklarning yarmi ota-onalaridan ko'ra iqtisodiy jihatdan ortda qolayotganini ko'rsatdi. Mazkur tadqiqot Stenford, Garvard va Kaliforniya universitetlarining loyihasi. U “So’nib borayotgan Amerika orzusi” deb nomlanadi.

Unda mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan aksariyat yoshlarning ijtimoiy darajasi pasaygani, ya'ni bu avlodning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari ota-onalarining ayni yoshdagi imkoniyatlariga teng emasligi aytilgan. Umuman olganda amerikaliklar oldingiday kun ko'rmayapti.

Bepul oziq-ovqatga navbatda turgan ishsizlar. Chikago, Illinoys. 1931-yil
Bepul oziq-ovqatga navbatda turgan ishsizlar. Chikago, Illinoys. 1931-yil

“Washington Post” gazetasi muxbiri Robert Samuyelsonning fikricha, ijtimoiy hayot darajasining pasayishi amerikaliklar uchun muammo. Lekin ko'pchilik vaqt o’tishi bilan maosh ortishi, turmush osonlashishiga umid qiladi va ba'zan shunday bo'ladi ham.

“So’nib borayotgan Amerika orzusi” tadqiqotiga ko'ra, 1940-yillarda tug’ilganlar daromadi, ularning ota-onalarinikidan ko'ra ko’proq bo'lgan. Tadqiqotchilar bu ko’rsatkichlarning juda yuqoriligini qisman tarixiy voqelik bilan bog’laydi.

1930-yillarda Amerika iqtisodiyoti og’ir ahvolda edi, odamlarning daromadi ham tushib ketgan. 1950-yillarda iqtisod rivojlandi, aksariyat odamlarning moddiy imkoniyatlari ortdi. Natijada, 1940-yillarda tug’ilganlarning hayoti sifati ancha ortgan edi.

Biroq bu avlod farzandlarining atigi 60 foizi ota-onalari kabi daromad qila oldi. Navbatdagi o'n yillikda esa bu ko’rsatkich 50 foizga tushdi.

Demak, amerikaliklarning hayot kechirish darajasi so’nggi 50 yilda qiyinlashib boryapti.

Alisa Kvart amerikaliklarning kundalik iqtisodiy muammolariga bag'ishlab kitob yozdi. Kitob “Siqilganlar: Nega Amerika bizga qimmatga tushmoqda?” deb nomlangan.

Muallif uy-joy, bolalarni parvarishlash va kundalik xarajatlarni qoplashga qiynalayotganlar hayotidan hikoya qiladi. Masalan, bir o’qituvchining aytishicha, ko'proq pul topish uchun kechasi "Uber" taksi xizmatida ishlaydi. Uyga vazifani buyurtmalar oralig’ida, mashinada tekshiradi.

Yana bir universitet professori farzandlari uchun makaron va kartoshka olishga yetadigan maosh oladi. Boshqasi esa bolalarini boqish va tibbiy ko’rikdan o’tkazish uchun davlatdan moddiy yordam so’rashga majbur.

Alisa Kvart hatto advokatlar daromadi ham o’z ehtiyojlarini qondirish darajasida emasligi, daromadning pasayib borayotganida ta'lim uchun olgan qarzlarini to'lashga qiynalayotganini aytgan.

Bo’sh ish o’rinlari yarmarkasida ishsiz shaxs Riversayd mehmonxonasi vakansiyalari bilan tanishmoqda. Florida shtati. 2018-yil
Bo’sh ish o’rinlari yarmarkasida ishsiz shaxs Riversayd mehmonxonasi vakansiyalari bilan tanishmoqda. Florida shtati. 2018-yil

Joriy muammolarni tahlil qilgan Kvart va iqtisodchi olimlar daromad va hayot sifatining pasayishiga olib kelgan bir qator omillarni sanab o’tdi.

2007-2009-yillardagi iqtisodiy inqiroz ham shulardan biri.

Shuningdek, zamonaviy texnologiya ham muhim sabablardan. Alisa Kvart robotlar sog’liqni saqlash xodimlari, yuk mashinasi haydovchilari, muxbirlar, supermarket, dorixona va soliq tizimidagi ishchilar daromadining kamayishiga olib kelganini ochib bergan.

Robert Samuyelson qashshoq maktablar, zaif uy-joy sanoati, hukumat qoidalarining haddan ziyodligi ham shu omillar qatorida e’tirof etadi.

Xo’sh, muammoga yechim bormi?

Mutaxassislar buning javobi o’ta murakkabligini, biroq vaziyatni o'rganib e'tiborni iqtisodiy notenglikka qaratishdan boshlash kerak, deydi. Alisa Kvart ham Amerika dunyoning eng boy mamlakatlaridan biri bo'lsada boy va kambag’al o’rtasida yirik bo’linish borligi haqida yozgan.

Oq uy qarshisida o’tirgan boshpanasiz fuqaro. AQSh poytaxti Vashington. 2018-yil
Oq uy qarshisida o’tirgan boshpanasiz fuqaro. AQSh poytaxti Vashington. 2018-yil

“So’nib borayotgan Amerika orzusi” tadqiqotchilarining xulosasi ham shunga yaqin. Ular yalpi ichki mahsulotning o’sishi ko'pchilik amerikaliklarning iqtisodiy ahvolini yaxshilamaydi, bundan faqat yuqori daromadli shaxslar manfaat ko’radi, deydi.

Iqtisodchilar esa, 1940-yillarda tug’ilgan amerikaliklarga qo’llangan tajribani takrorlash kerak degan fikrda. Voyaga yetgach, ularning deyarli barchasi rivojlangan iqtisodiyotdan manfaat ko’rgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG