Vashingtonda ayollar yurishi: bu yil qanday mavzular ko'tarildi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Uchinchi bor o'tkazilayotgan yillik ayollar marshiga bu safar kamroq odam yig'ildi. Yurish poytaxt Vashington siyosiy mojarolar domiga tortilgan bir paytda o'tdi.

Izg'irin va sovuq shamolga qaramay, minglab erkak va ayollar Vashington ko'chalarini to'ldirdi. Ular ayollar huquqi barobarida hukumatning ishdan to'xtatishi, chegarada devor qurish kabi bahsli mavzularga ham e'tibor qaratdi.

Mia Ayvis-Rubli nogiron bo'lishiga qaramay, bu yilgi marshni tashkil etishda qatnashdi. U Amerika jamiyatidagi rang-barang guruhlarning huquqlari uchun kurashmoqda.

"Umidim shuki, biz bu mavzularda gapirishni davom ettiramiz. Jismoniy imkoniyati cheklanganlar, ayniqsa, osiyolik-amerikaliklar orasidagi muammolar haqida gapirish muhim", - deydi u.

Tashkilotchilarning aytishicha, bu yilgi marsh o'tgan yilgilardan farqli, chunki bu safar aniq bir ijtimoiy mavzular tanlab olingan.

"Kecha ayollar mavzusiga oid aniq dasturlar talabini e'lon qildik. Ular 50-70 tacha ayollar, harakat ekspertlari, turli soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan", - deydi marsh tashkilotchilaridan biri Sofi Elman-Golan.

Yurish yetakchilari anti-semitizmga yo'l qo'ygani haqidagi iddaolarga qaramay, ko'plab ayollar namoyishni qo'llab poytaxtga yig'ildi.

"Men isroillik yahudiyman. Ayollar marshi atrofidagi bahslar tufayli mening bu yerda turganim g'alati bo'lishi mumkin, lekin men o'z o'rnimni berib qo'ymoqchi emasman. Ayollar yurishida anti-semitizm muammosi ham bir yoqli qilinsin, deb shu yerga keldim", - deydi namoyishchilardan biri.

Noyabrdagi Kongress saylovlarida har doimgidan ko'proq ayollar saylangan bo'lsa-da, hali qiladigan ishlar ko'p, deydi faollar.

"Ular saylanganini eshitganimda ko'zimdan yosh chiqib ketdi. Juda xursand bo'ldim. Biroq harakatni davom ettirishimiz kerak. Baxtiyorman, lekin olg'a qadam tashlashda davom etamiz. Qiladigan ishlarimiz bor", - deydi yana bir faol.

"Ayollarni hamma qo'llab-quvvatlaydi. Faqat zulm ko'rayotganlar emas, hamma birlashishi kerak. Bir jamoamiz, bir ovozmiz. Kimningdir huquqi toptalayotgan bo'lsa, u men bo'lmasligim mumkin, lekin bu men uchun ham muhim", - deydi Aleks ismli yigit.

Shu kuni Vashingtondan tashqari mamlakat bo'ylab boshqa shaharlarda, xususan, dunyoning bir qator davlatlarida ham shunday yurishlar bo'lib o'tdi.