Breaking News

2018-yil Amerikada xotin-qizlar yili bo’ldi


2018-yil Amerikada xotin-qizlar yili bo’ldi. Siyosatda ayollar faollashdi. Mahalliy hokimiyatlar va Kongressda turli irq va millatga mansub xotin-qizlar soni oshdi.

2018-yil Amerikada ayollar yiliga aylandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:00 0:00

​Yanvar oyidan AQSh Kongressida ko’plab yangi chehralar ish boshlamoqda.

Bu yil 126 nafar ayol Kongressda qasamyod keltiradi. Ayni damda xotin-qizlar soni rekord darajasida. Ayollarni siyosatga, ovoz berishga jiddiy jalb qilish samara berganday.

Prezident Donald Tramp ma’muriyati ishga tushishidan tortib, uning xotin-qizlarga munosabati-yu, qonun va siyosatga ko’rsatayotgan ta’siri minglab amerikaliklarni qo’zg’atdi, namoyishlarga turtki bo’ldi. Hatto o’zgarishlar yo’lida eshikma-eshik yurib saylovlarda qatnashishga undaganlar bo’ldi.

“2017-yil yanvaridagi ayollar yurishida Trampning xotin-qizlarga nisbatan qarashlariga norozilik sezilgan edi. Ayollar gazablandi, faollashib ketdi”, - deydi tahlilchi Guan Makki.

Ayollarni g’azablantirgan omil ish joyi va korxonalardagi tajovuzkorlik, kamsitish hollaridir. Ayniqsa taniqli ayollarning jinsiy tahqirlanganini ochiq aytishi butun mamlakatni oyoqqa turg’azib, “Men ham”(#MeToo) harakatiga sabab bo’ldi.

Bu harakat o’nlab mashhur shaxslarning yuzini yerga qaradi. Masalan, birvaqtlar “Amerikaning otasi” deya tanilgan tele-yulduz Bill Kosbi yillar avval qilgan shilqimligi uchun panjara ortida.

“Shilqimlik, jinsiz zo’ravonlikka uchragan barcha xotin-qizlar g’alabasi bu”, - deydi Kosbidan jabr ko’rganlardan biri Lili Bernard.

AQSh gimnastika jamoasining sobiq shifokori Larri Nassar 100 dan ortiq yosh sportchi qizlarga qilgan buzuqchiligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Jabr ko’rgan bo’lsamda, qo’l qovushtirib o’tirmayman”, - deydi AQSh Olimpiyasi oltin medal sohibi Jordan Viber.

Tramp Oliy sudga ko’rsatgan Bret Kavanoning xulqi Kongressda keng muhokama qilindi, tekshirildi.

“U meni zo’rlamoqch bo’lgan. Najot tilab, baqirmoqchi bo’lganman”, - deydi Kavanoni ayblaganlardan biri Krinstina Ford.


“Na bu ayolga, na boshqa ayolga tajovuz qilmaganman. Bunday ishlarga qodir emasman”, - degan edi Kavano.

U - hozir Oliy sud a’zosi. Lekin unga nisbatan da’volar ayollar huquqi yuzasidan bahslarni kuchaytirdi.

“Amerikada tengsizlik, nohaqlik, zo’ravonlikdan toqati toq bo’lgan ayollar ko’chaga chiqdi, siyosatga kirib, o’zgarish qilishga bel bog’ladi”, - deydi faol Rebekka Treyster.

Tahlilchilar nazarida, ayollar harakati Kongress saylovlariga jiddiy ta’sir qilgan.

“Ovoz beruvchilarda haqiqiy amerikalikni aks ettiradigan nomzod tanlash imkoni bor edi. Shuningdek, nomzodlar orasida turli irq va millat, hatto turli jins vakillari ham bo’ldi”, - deydi ekspert Molli Orurki.

Ovoz beruvchilar bu ayollarni qo’llab-quvvatladi. Masalan, falastinlik-amerikalik va somalilik-amerikalik ayollar endi Kongressda. Ular AQSh Kongressidagi birinchi muslimalar.

“Saylovchilar bir necha yildirki, Vashingtondagi siyosiy muhitdan norozi. O’zgarish bo’lishi uchun siyosatchilar avlodi yangilanishi kerak”, - deydi Molli Orurki.

Shunga qaramasdan Vashingtonda hamon erkaklar hukmron. Kongressda ayollar soni 25 foizga ham yetmaydi. Lekin mamlakat bo’ylab xotin-qizlar soni 51 foizdan ortiq.

Ayollar huquqi himoyachilari ta’biricha, jinsiy tenglik tomon dadilroq qadam tashlanaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG