Nima xohlasang kiy, deyishadi Amerikada. Bu - insonning uzviy huquqi, deb qaraladi. Ko’plab amerikaliklar kiyinish erkinligining qadrini bilmaydi, degan gaplarni ham eshitamiz. Boshqa tomondan esa kimdir o’zgacha tarzda kiyinsa, masalan, yopinchiqda yurgan ayolni ko’rsa, odamlar unga ezilgan, erkinlikdan mahrum bir inson deb qarashi ham mumkin. Muslimalar modasi dunyo bo’ylab qanot yozar ekan, Amerikada ham katta do’konlar va savdo tizimlari aynan taqvodor musulmon xotin-qizlar uchun kiyim-kechak taklif qila boshlagan. Liza Vogl – ijodkor.
Kelib chiqishi germaniyalik katoliklarga borib taqaladi. Michigan shtatida ulg’aygan.
“Maktabimda ikki musulmon bor edi xolos”.
Lisa fotograflik sohasida ishlab, islomga qiziqib qolgan.
Keyinchalik bu e’tiqodga kirdi. Ko’rinishini o’zgartirdi. Lekin kiyim topishga qiynaldi.
“Hijob kiygan xotin-qizlar uchun do’konlar yo’q edi oldin”.
Liza o’zi bu borada biznes ochdi - Verona kolleksiyasini.
Hijobli ayollar uchun xizmat qiladi. Bu yangi bir bozor, deydi Liza. Florida shtatida do’kon ochdi.
Butik keyinchalik katta bir salon va korxonaga aylandi.
Verona kolleksiyasini hozirda Amerikadagi eng yirik savdo tizimlaridan biri “Macy’s” sotmoqda.“Menga o’xshab kiyinadigan xotin-qizlar ko’p ekanini tan olishdi. “Macy’s” yangi xaridorlar topdi”, - deydi Liza.
Lekin bunday kiyim-kechaklarga qarshilar ko’pligi ham ayon bo’ldi, aynan musulmonlar orasida. Eron va Suriyada boshini o’ramagan yoki butunlay yopinchiqda yurmaganlar jazolanadi. Ular yoqilgan, qatl etilgan hollar bor.
“Macy’s” ayollarni azoblovchi kiyimlarni sotmoqda, deya ijtimoiy tarmoqlarda tanqid va qoralash avj oldi.
Liza Vogl fikricha esa ayol tanlash huquqiga ega. Xotin-qizlar o’zi bilganidek, xohlaganidek kiyinsin.
“Qaysi davlatda nima bo’layotgani nega mening qanday kiyinishimga ta’sir qilishi kerak? Bu - erkin bozor”.
“Macy’s” Verona kolleksiyasini taklif qilishda davom etmoqda. Internetda savdo qizg’in. Islomiy kiyim-kechak savdosi dunyo bo’ylab 250 milliard dollarlik biznes.
Eronlik ayollar orasida norozilik kuchli.
Faollardan biri Parvona Husayniy:
“Hijob ko’plab jamiyatlarda nimani anglatishiga “Macy’s kabi bizneslar loqayd”.
Parvona singari ayollar fikricha hijob millionlab xotin-qizlar uchun zulm va uqubat timsoli. Unga qarshi kurashish kerak, deydi eronlik ayol.
“Macy’s” savdo tizimi, dizayner Liza Vogl va boshqalar esa kiyinish bobida keng erkinlik tarafdori. Xotin-qizlar shunday kiyinmoqchi bo’lsa, liboslar bor, deydi ular.
Facebook Forum