Markaziy Osiyo o’lkalarining qiz-ayollarida aniq fanlar va ular bilan bog’liq kasb-hunarlarga qiziqish shakllanmagan. Oqibatda mintaqa ayollari ulkan imkoniyatlardan chetda qolmoqda. Bu haqda yaqinda Italiyada o’tgan xalqaro anjumanda so’z yurdi. Ko’plar zikr qilingan ko’rinishni asriy urf-odatlar, turmush tarzi ta’siri bilan izohlaydi.
Mintaqa qiz-juvonlarini aniq fanlar va yaratuvchan kasblarga jalb qilish, tegishli shart-sharoit yaratish uchun nima qilmoq kerak?
Atoqli olim, O’shdagi Qirg’iz-O’zbek universitetining professori Anvarjon Ismonjonov qator xorij ilmiy-amaliy markazlariga faoliyat yuritgan. U hamkasblarining ko’pchiligi ayollar bo’lgani va ular katta bilim hamda qobiliyat egalari bol’ganini eslaydi.
Suhbatdosh deydiki, farzandda, jumladan qiz bolada fanga ishtiyoq o’sishi uchun xonadonda tegishli muhit bo’lishi lozim. Afsuski, shahar-qishloq bolalari o’z uylarida texnikaga doir biron kitobchani ko’rmasligi oddiy hol. Bir paytlar maktablarda u yoki bu fan bo’yicha qobiliyatli yoshlarni aniqlash va rag’batlantirish yo’lga qo’yilgan edi. Keyingi davrda bu tadbir qog’ozda qolmoqda.
Professor Ismonjonov aminki, mintaqa mamlakatlarida ayniqsa, Qirg’izistonda o’rta va oily ta’lim, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini qayta ko’rib chiqib, zamon talablariga moslashtirmoq lozim. Oliy o’quv yurtiga kirish, ishga o’rnashish, tadqiqot olib borish, ilmiy ishni yoqlash jarayonida korrupsiya, tanish-bilishlik, noxolis tarafkashlik, g’alamislikka chek qo’yish zarur.
“Malakali kadrlarga nisbatan sog’lom ehtiyoj vujudga keltirish hozirda ko’p jihatdan yirik xususiy firmalarga bog’liq. Chunki ularga kimningdir chalasavod bebosh erkatoyi emas, o’z ishini bilgan va sevgan intiluvchan xodim kerak”, - deydi professor Ismonjonov.
Olim deydiki, yoshlar orasida zikr qilingan bilim-hunarlarga ehtiyoj shakllantirilmas ekan, shior va chaqiriqlar quruq so’zligicha qolaveradi. Aniq fanlar va maxsus bilimga asoslangan kasblar, aytaylik, qishloq xo’jaligi texnikasi bo’yicha muhandis, kompyuter programmalari ustalari, fizika, kimyo, abtosanoat mutaxassislarining obro’si tegishli darajaga ko’tarilishi ayni muddao.
Aniq fanlarni orzu qilgan xotin-qizlar uchun shart-sharoitga kelsak, aytish joizki, uy-ro’zg’or ishlaridan ortib, mashaqqatli tadqiqotlarda sho’ng’ish oson ish emas. Ulkan matonat talab qiladi. Tabiiy savol: oila, davlat, jamiyat bu o’rinda ayol gardanidagi yukni biroz bo’lsa-da yengillata oladimi, u orzu qilgan maqsad yo’lida g’amxo'r hamroh bo’la oladimi?
Matlubaxon Musaboyeva ko’p yilar O’sh viloyat O’zgan shahar o’rta maktabining direktori bo’lib ishlagan. Hozirda u shahar xotin-qizlar kengashi rahbari.
“1970-80 yillarda ko’pchilik qizlar oliygohlarda o’qigan. Hozirga kelib esa aksar ota-onalar o’z qizlariga oliy bilim berishdan bosh tortyapti. “O’qib ham nima bo’lasan”, degan fikr keng tarqagan. Uydagi muhitning ta’siri juda katta. O’qimaysan, seni kuyovga uzatib yuboramiz deyilsa, qiz bola ruhan cho’kib qoladi, o’qishni davom ettirishga qiziqmay qoladi. Bilimga nisbatan e’tiborsizlik, sustkashlik uyg’onmoqda yosh qizlarda", - deydi Matlubaxon Musaboyeva.
Suhbatdosh fikricha, qizlarda aniq fanlarga bo’lgan qiziqishni uyg’otish uchun o’rta bilim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o’qituvchilarning maoshlarini ko’paytirish, malakalarini oshirish darkor.
“Masalan, maktablarda muallimlarning maoshining farqi kam. Ha, to’g’ri kategoriya degan narsa bor. Ushbu qo'shimcha haqni aniq fanlar o’qituvchilariga ham berish kerak. Qachonki o’qituvchi moddiy tomondan yaxshi ta’minlangan bo’lsa, o’shandagina o’z vazifasini to’la va sidqidildan ado etadi. Bu esa, albatta, bilim sifatini keskin ko’tarishga xizmat qiladi”, - deydi Musaboyeva.
Facebook Forum