Rossiyada bir qonunchi jinsiy tazyiqda gumon qilinib, tekshirildi. Parlamentning etika masalalari bo’yicha qo’mitasi uni aybsiz deb topdi. Lekin bu jarayon jamiyatda xotin-qizlarga munosabat yuzasidan yangi bahs-tortishuvlarga turtki berdi. Jinsiy bosim va tajovuzlarga qarshi yangicha kurash boshlanmoqda. Bu to’lqin Amerikadagi manzarani eslatadi.
"Idorasiga olib kirib, eshikni yopib, u meni devorga tiradi”, - deya hikoya qiladi Yekaterina.
"Hamma narsani inkor etasizmi?”, - deya so’raydi Darya.
Deputat Leonid Slatskiyni uch ayol tegajog’likda ayblab chiqqan. Har birining o’z dardi bor. Lekin parlament masalani o’rganib chiqib, bu ayollar deputatning muomalasini bo’rttirib ko’rsatmoqda, deya xulosa qildi. Lekin bu masala xotin-qizlarga munosabatga e’tiborni oshirib, hozirda 30 dan oshiq axborot vositasi Rossiya parlamentidagi muxbirlarini chaqirib olgan. Ular Dumani yoritishdan bosh tortmoqda.
Amerikada jinsiy bosimga qarshi kurashayotgan ayollar Rossiya xotin-qizlarini quvvatlamoqda. Bu muammo yurt tanlamaydi, deydi ular.
“1991-yilda Anita Hill degan ayol xalq oldiga chiqib, jinsiy bosimga uchraganini aytmagunicha, AQShda ham bu muammo ochiq muhokama qilinmagan. Bunday chiqishlar boshqalarga kuch berib, ayollar birma-bir o’z dardini ayta boshlagan. Hatto Gollivud yulduzlari ham jinsiy bosimlardan dod demoqda. Birga kurashamiz. Rossiya ayollari qo’rqmasin”, - deydi Kongress a’zosi Jeki Spayer.
Demokrat qonunchi tashabbusi bilan endilikda Kongressning har bir a’zosi jinsiy ahloqdan dars oladi. Bosimga uchraganda nima qilmoq zarurligi haqida o’rganadi. Vakillar Palatasida yaqinda ma’qullangan qonun loyihasi jinsiy bosim yoki tajovuzga uchraganlarga qo’shimcha huquq va imtiyozlar beradi.
"Birinchidan, jabrlanuvchiga huquqiy yordam ko’rsatiladi. Butun xarajatni Vakillar Palatasi qoplaydi. Agar murosa qilinsa, tovon AQSh davlat xazinasidan olinadi va keyin uni aybdor deb topilgan odam to’lab beradi”, - deydi Spayer.
Gap bu yerda aynan qonunchilik organidagi holatlar haqida ketmoqda. Biror qonunchi jinsiy bosim yoki tahdidda aybdor bo’lsa, shaxsan javobgarlikka tutiladi. Kongressning soyasiga yashirina olmaydi. Jazolanadi.
“O’zgarish shuki, xotin-qizlar oldingidek dardini ichiga yutib, qudratli insonlar qo’lida ezilib yurmaydi. Ayollar bir narsani yodda tutishi kerak: siz yolg’iz emassiz. Sizga o’xshab azoblangan xotin-qizlar ko’p. Siz chidasangiz, katta bir muammoni yopayapsiz. Yo’q, deb chiqsangiz, yechim tomon qadam tashlayapsiz. Qo’rmang. Yordam so’rang. Jinsiy bosim va tazyiqlar yangilik emas, deb qo’l siltamang.
Amerikada jinsiy ahloqsizlikda ayblangan mansabdorlar odatda ishdan ketadi. Rossiyada hali bunday davr kelmadi, deydi faollar, lekin kelishi kerak. Nafaqat lavozimdan olinishi balki keltirgan zarari uchun javob berishi va jazolanishi zarur. AQShda bu borada tinimsiz kurash. Ayollarning o’zi kurashmoqda.
Facebook Forum