Vashingtonda kechgan so'nggi AQSh-Xitoy savdo muzokaralari quruq va'dalardan nariga o'tmadi. Tomonlar martgacha yangi kelishuvga erishishi kerak. Aks holda, savdo tariflari yana oshadi.
AQSh zarbxonasi 2019-yil uchun "omadli pul"ni e'lon qildi. Xitoyda esa bu yil "to'ng'iz yili"; u omad va farovonlik ramzi hisoblanadi.
Ikki mamlakat aloqalarida ham farovonlik sari yo'ldan darak bormi? AQSh rahbari Donald Tramp shundan umidvor.
"Kecha Xitoy vitse-primyeri bilan ajoyib uchrashuv o'tkazdik. Juda qudratli, hurmatga ega va kuchli odam. Prezident Si ham hurmat qiladi. Uchrashuv savdo haqida bo'ldi, fentanil opioidi haqida ham gaplashdik. Xitoy fentanil ta'minotini jinoyat deb malakalashga rozi bo'ldi. Bu mamlakatga kirib kelayotgan fentanilga katta ta'sir o'tkazadi", - dedi prezident.
Illinoys fermerlar byurosi rasmiysi Adam Nilsenga ko'ra, dehqonlar ham muzokaralardan umidvor.
"Savdolarni boy berdik. Bu narsa uzoqroq davom etsa, davlatlar yangi savdo hamkorlarini topishadi. Xavotir shunda", - deydi u.
Siyosiy sharhlovchi Pokon Chen fikricha, XitoyningPrezident Tramp ko'nglini ovlashga urinishi samarasini beryapti.
"Lyu Xe Si Zinpinga yangi yil sovg'asi jo'natdi. Bu galgi muzokaralar markazida savdo emas, balki Trampning Si Zinpin bilan uchrashuvini tashkil qilish turdi. Xitoy uchun eng muhim narsa Si Zinpinnig obro'sini saqlab qolish va mahalliy aholiga u qilgan ishni ko'rsatish", - deydi u.
AQSh Xitoyning Amerikadan ko'proq qishloq xo'jaligi mahsulotlari sotib olayotganini olqishladi. Asosiy bahs mavzularidan biri - texnologiya o'g'irlanayotgani.
"Xitoy buyuk davlat va shunday davom etadi. Xitoyni chegaralash niyatimiz yo'q, lekin aloqalarimizda muvozanat bo'lishi kerak. Ular bu yerda xohlagan narsasini qilsa-yu, lekin biz xohlaganimizni qila olmasak; bu adolatdan emas. Biz kashf qiladigan narsalarni o'g'irlab, buni bizneslarimizga qarshi ishlatishlariga ham yo'l qo'ymaymiz", - deydi senator Marko Rubio.
AQSh qonunchilari keskin bayonot berar ekan, har ikki davlat vakillari muzokaralarni davom ettirmoqda. Navbatdagi uchrashuv endi kelasi oy Xitoyda bo'lishi kutilyapti.