Ozodlik uyi: Dunyo bo'ylab demokratiya zaiflashmoqda

  • Amerika Ovozi

“Ozodlik uyi” tashkiloti 2018-yil bo’yicha dunyoning 195 mamlakatidagi mavjud erkinlik holatiga baho berdi. Reyting natijalari global masshtabda erkinlik, qonun ustuvorligi, demokratiya va so’z erkinligi ahvoli yomonlashganini ko’rsatmoqda.

Tashkilot xulosasiga ko’ra, Prezident Donald Tramp rahbarligi davrida AQShda demokratiya zaiflashgan. Ekspertlar Trampni “qonun ustuvorligi, jurnalistika va demokratik tamoyillarga hujum” qilayotganlikda ayblagan.

Ro’yxatda Amerika demokratiyasi Gretsiya, Xorvatiya va Mongoliya mamlakatlari darajasiga tushganini ko’rish mumkin. AQSh Germaniya, Fransiya va Britaniya kabi uzoq yillik yetakchi mamlakatlar darajasidan ancha pastga tushib ketgan.

2018-yilda dunyo bo’ylab 68 ta davlatda siyosiy huquq va fuqarolar erkinligi darajasi pastlagani qayd etilgan. 50 davlatda o’sish kuzatilgan. Global miqyosda uzluksiz 13 yil davomida umumiy pasayish holati yuz bergan.

Keskin pasayish Vengriya va Nikaraguada kuzatilgan.

Shuningdek, sezilarli pasayish Xitoy va Kamerunda ham yuz bergan.

Baholangan 195 davlatdan 86 tasi (44 foizi) erkin, 59 tasi (30 foizi) qisman erkin va 50 tasi (26 foizi) erkin emas deb topilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg’izistongina qisman erkin maqomiga ega bo’lgan. Boshqa davlatlar, jumladan, O’zbekiston ham erkin emas deb baholangan.

Erkinlik eng qo’pol ravishda toptalgan mamlakatlar qatoridan Suriya, Janubiy Sudan, Eritreya, Turkmaniston va Shimoliy Koreya o’rin egallagan.

Eng yaxshi ko’rsatkich Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Kanada va Gollandiyada qayd etilgan.

Armaniston, Efiopiya va Iroq sezilarli o’sish kuzatilgan mamlakatlar qatoriga kirgan.