O’zbekistonda islohotlar shiori ostida kechgan yana bir yil yakunlanmoqda. O’tgan davr davomida ko'plab o’zbekistonliklar mamlakat iqtisodida aniq o’zgarishlar sezishmadi, ammo umidlar so’ngani yo’q.
Bu umidlarning hamon uchqunlab turganiga, iqtisoddagi depsinishdan farqli, mamlakat Ijtimoiy-siyosiy hayotida kuzatilgan nisbiy erkinliklar sabab deyish mumkin.
Turg’unlik davrida mutlaq sukutga hukm qilingan jamiyatdagi uyg’onish hech bo’lmaganda muammolar haqida gapirishga imkoniyat berdi.
Tahdid, hadik, tazyiq hali jamoatchilik boshidan mutlaq ko’tarilmagan. Hukumat ayrim vaziyatlarda tanqidga bardoshli bo’la olishini ko’rsatgan bo’lsa, ayrim vaziyatlarda tuzum hamon turg’unlik davridagi tamoyillarga asoslanib ishlayotganini namoyish qildi.
Bu ayniqsa yakunlayotgan 2018- yilning so’nggi choragidan ijtimoiy tarmoqlarda faollashgan blogerlarga nisbatan tazyiqlar kuchayishi, bu to’lqinning "Facebook" va "Youtube" kabi ijtimoiy tarmoqlarni mutlaqo yopib qo’yilishi bilan tugashida yaqqol aks etdi.
Tabiiy, ijtimoiy tarmoqlarni bu tariqa bloklanishi turg’unlik davridan buyon mamlakatda to’sib qo’yilgan mustaqil axborot vositalaridan to’siqlarni olish talabini ham ortga surdi. O’zbekistonda to’siq ortida qolayotgan mustaqil axborot vositalari asosan ijtimoiy tarmoqlar vositasida o’qilayotgani inobatga olinsa, internet senzurasini saqlab qolishdan maqsad ayon ko’rinadi.
Bundan qat’i nazar, yangi hokimiyat, sanoqli bo’lsada, ayrim axborot nashrlarida qalqiyotgan tanqidlarga bardosh ko’rsatmoqda. Boz ustiga bu tanqidlarga baholi qudrat javob ham beryapti, ochiqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilmoqda.
Mirziyoyev e’lon qilgan islohotlarga nisbatan umidlar bugun aynan shunga jamoatchilikka, mamlakatdagi ayrim nashrlarga taqdim qilingan nisbiy erkinliklar evaziga uchqunlab turibdi.
Afsuski, xavotirli tomoni ham aynan shunda ko’rinadi, chunki hatto turg’unlik avjga chiqqan davrlarda ham dolzarb xabarlari, tanqidlari, muammolar ko’tarishi va tezkorligi bilan tanilgan ayrim axborot nashrlari paydo bo’lgan, ammo ma’lum vaqtdan so’ng to’satdan yuz ko’rsatgan texnik muammolar ortidan izsiz yo’qolgan, yo’qotilgan edi.
O’zbekiston hukumatida bunday nashrlar bilan qanday ishlash tajribasi bor. Har holda 2018-yil davomida tezkor, ilg’orligi bilan tanilgan qator saytlarni texnik muammoga uchratilishi bu usul yangi hokimiyat davrida ham sinovdan o’tkazib ko’rilganiga ishora beradi.
O’zbekistondagi davriy matbuotning aksariyat qismi turg’unlikka xos sukutni saqlab qolishi soyasida internet nashrlari ilg’orligi texnik muammolar bilan hal etilishi mumkin vazifa ekanligi nafaqat hokimiyat, balki boshqalar uchun ham tushunarli holat.
Umuman yakunlanayotgan 2018- yil 2017- yilda jamoatchilikda avjlangan umidlar to’lqini bilan solishtirganda bir qadar ehtiyotli ko’rinadi.
Shavkat Mirziyoyev o’z boshqaruvini ikkinchi yilini ham matbuot bilan muloqotsiz yakunlayapti. Mamlakatda prezident diqqatiga molik nashr hali yo’qdek.
Televideniye hamon davlat rahbarini biror so’zsiz, savolsiz xalqqa taqdim etayotgan targ’ibot qurolidir. Prezidentning tanqidga doxilligi ilg’or nashrlarni ham, to’rtinchi hokimiyatga da’vogar matbuotni ham chetlab o’tyapti.
Xalq, jamoatchilik mustaqillik davridan buyon mislsiz erkinlikning mavhum oqibatlari bilan qo’rqitib kelindi. Bu aqida diktaturaga tayangan davlatning bosh siyosatiga aylandi. Bugun islohotlar davri cho’zilishi ham yangi hokimiyatni shu qo’rquvlar iskanjasida ekanligidan darakdek.
Jamiyatga erkinlik berish bu o’zini, xalqini hurmat qilgan har qanday hokimiyatning dastlabki burchi, siyosiy iroda, qonun ustuvorligi, ochiqlikni tan olish, xolos. Tajriba o’tkazish, bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga tashlash emas.
Facebook Forum