Oʻzbekiston yaqinda diniy erkinlik boʻyicha Amerika qora roʻyxatidan chiqdi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bahonasi bilan Islom Karimov boshliq hukumat o'ziga xavf deb bilganlarni tanqidiy qarashlari va dindorligi uchun jazolamoqda, degan xulosa respublikaning 2006-yilda mana shu ro'yxatga tushishiga sabab bo'lgan edi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo e'lon qilishicha, islohotlarni boshdan kechirayotgan Oʻzbekiston endi diniy erkinlik bobida “alohida xavotirga molik davlat emas”.
Tramp maʼmuriyati hamkor mamlakatda “islohotlar jadallashadi va huquq bilan bogʻliq ahvol yaxshilanaveradi”, degan umidda.
O'zbekiston hozirgi yo'lida davom etsa, deydi Vashington rasmiylari, boshqa davlatlarga namuna bo'lishi mumkin.
Amerika poytaxtida kechgan muhokamada rasmiylar va ekspertlar qatorida O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ham so'zladi.
Uning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar O'zbekistonni yangi yo'nalishdan olib ketmoqda. E'tiqod erkinligini ta'minlash - ustuvor vazifalardan biri, deydi diplomat.
Elchixona tashabbusi bilan o'tgan tadbirda Amerika O'zbekistonga bu borada qanday yordam bera olishi ham muhokama qilindi. Diniy erkinlik va bag'rikenglikni targ'ib qiluvchi tashkilotlar respublika bilan ishlashga shay ekanini qayd etdi.
"Amerika Ovozi" O'zbekistonda eʼtiqod erkinligi bugun qay darajada degan savolni o'rtaga tashladi. Elchi Vahobov o'tgan ikki yil ichida minglab diniy mahbuslar ozod etildi, minglab odamlar qora ro'yxatdan chiqarildi va taqvodorlarga nisbatan siyosat o'zgardi, degan qabilda javob berdi.
Elchi bilan eksklyuziv suhbatda bu va boshqa mavzularga bafurja to'xtaldik. Tomosha qiling.
Facebook Forum