Breaking News
Din

DXX "Hujradagi zulmat" filmi bilan nima demoqchi?


Davlat xavfsizlik xizmati va O’zbekiston televideniyesi hamkorlikda taqdim etgan “Hujradagi zulmat” filmiga ko'ra, islomdan saboq beruvchi hujralar soni keskin oshgan, prezident afvi bilan “qora ro’yxat”dan chiqarilgan dindorlar qayta adashmoqda, hujra bitiruvchilari Suriya va Iroqdagi jangarilar to’dasiga qo’shilishi ehtimoli bor, hujralarda bolalar shafqatsiz kaltaklanadi.

“Hujradagi zulmat” filmi nimadan darak?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:19 0:00

O’zbekistonda diniy saboq olish imkoniyatini kengaytirish BMT maxsus ma’ruzachisini hukumatga bergan tavsiyalaridan biridir.

Davlat xavfsizlik xizmati va O’zbekiston televideniyesi hamkorlikda tayyorlagan “Hujradagi zulmat” hujjatli filmi noqonuniy xususiy hujralarda ta’lim olayotgan bolalar domla tomonidan shafqatsiz kaltaklanganini ko’rsatadi.

Filmga ko’ra, islomdan ta’lim beruvchi bunday xususiy hujralar soni mamlakatda keskin oshgan, 2017-yilda 33 ta norasmiy hujra aniqlangan bo’lsa, 2018-yilning yarmida 116 ta qayd etilgan.

Film taqdim qilishicha, bugungi hujralardagi o’qish tartibi ham o’tgan asrdagidan o’zgarmagan, saboqni o’zlashtirmagan bolalar xivich bilan ayovsiz savalanadi. Hujralarda islomdan xabarsiz kishilar dars bermoqda. Suriyada, Iroqda jangarilar safiga qo’shilayotgan o’zbeklar katta ehtimol bilan shunday hujralarda ta’lim olishgani taxmin qilinadi.

Film “qora ro’yxat”dan chiqarilgan dindorlarga ham diqqat qaratadi. Ta’kidlanishicha, ular prezident e’lon qilgan afvdan xulosa chiqarishmagan, avvalgi yo’lga qaytishmoqda.

“Hujradagi zulmat” nisbiy diniy erkinliklar taqdim etilgan so’nggi yilda mamlakatda norasmiy diniy faoliyat kuchaygani, yoshlarni turli ekstremistik oqimlarga qo’shilish xavfi ortayotgani haqida jamoatchilikka xulosa beradi.
Ta’kidlash joiz, O’zbekiston maktablarida diniy darslik yo’q, o’qitilmaydi, o’z farzandining islomdan saboq olishini istagan ota-onalar hujralarga murojaat qilishadi.

Yosh bolalarga Islomdan saboq beradigan bunday maskanlar mamlakatda avvaldan, hatto diniy ta’lim mutlaqo taqiqlangan sovetlar davrida ham yashirin faoliyat olib borgan.

Islomning noqonuniy tarzda o’qitilishi taqiqlanishi haqida gapirilgan filmda, uni qonuniy tarzda o’qitilishi yuzasidan aniqlik kiritilmagan.

Film Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda ishlangan, demak, diniy e’tiqod va ta’lim yuzasidan nazorat hamon shu idora vakolatida.

Huquq faollari film namoyishi diniy erkinlik bo’yicha vaziyatda maxsus xizmatlar o’rni kuchayib borayotgan bir paytga to’g’ri kelganiga diqqat qaratadi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov nazarida yangi hokimiyatni diniy erkinlik bo’yicha kuzatilgan liberal kayfiyati nihoyasiga yetayotgandek, e’tiqod erkinligi yana tahdid darajasiga ko’tarilmoqda.

“Ochig’ini aytish kerak, oxirgi ikki-uch oy mobaynida orqaga siljish kuzatilmoqda. Oldingi “qora ro’yxatlardan” chiqarish ham xo’jako’rsinga qilingandek, hammasini yana qamayapti, sudlarda o’sha ahvol, diniy ishlar maxsus xizmatlar vakolatiga o’tmoqda. Bu film ortidan bir targ’ibot bor, uning ortida shubhasiz huquq-tartibot idoralari, davlatni o’zi turibdi. Ularning asosiy maqsadi ahvol yomonlashayotganini ko’rsatish, shu bilan ularga nisbatan qattiqroq rejimni qo’llash maqsadini surish. Men bunday targ’ibotlarga ishonmayman, aksariyat vatandoshlarimiz hammasi oddiy odamlar, musulmonlar. Albatta, har bittasining o’zini e’tiqodi bo’lishi mumkin, ularni turli oqimlarga kirishda ayblashadi. Xo’sh, oqimlarga kirsa nima bo’libti, bu ularning huquqi. Men biror davlatda, musulmon davlatlarida, o’z fuqarolarini boshqa bir oqimga kirgani uchun qamaganini eshitmaganman. Nazorat kuchaytirilishidan maqsad aslida boshqa, dindorlardan qo’rquv bor, ular masjidlarda yig’ilishadi, ko’pchilik g’alayon ko’tarmasin degan qo’rquv bor, shuning uchun qattiq ushlashga harakat qilinadi”, - deydi Surat Ikromov.

33 millionli O’zbekiston aholisining 90 foizdan oshig’i musulmonlardan iborat, davlat boshqaruvi islomiy emas, konstitutsiyaviy tuzum. Islom dini bolalarga o’rta maktab yoki boshqa ta’lim maskanlarida o’qitilmaydi, bolalarni masjidga qatnashiga ham norasmiy taqiq mavjud.

Mamlakatda islom dini qayerda, qachondan boshlab o’qitilishiga doir aniq bir to’xtam mavjud emas, ammo diniy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish BMT maxsus ma’ruzachisi tomonidan hukumatga berilgan tavsiyalardan biri.

“BMTning diniy erkinlik bo’yicha ma’ruzachisi Ahmad Shahinni O’zbekistonga safari davomida bir necha bor uchrashganmiz, bu haqida gaplashilgan. Uning vaziyat bo’yicha chiqargan hisobotida ham aholiga diniy ta’lim berish imkoniyatini kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berilgan edi. Ehtimol bu filmda hujralar yuzasidan xulosalar shu tavsiyalar bilan bog’liqdir”, - deydi Surat Ikromov.

Prezident Mirziyoyev diniy sohada ham islohotlar e’lon qilgan, bu islohotlarga ko’ra O’zbekiston inson huquqlari, diniy erkinliklar bo’yicha BMT tavsiyalarini to’la bajarishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG