Gollivudga yaqinlashishning o’zi qiyin, ayniqsa, ayollar uchun. Uning ustiga, muslimalarga to’siqlar yanada kuchli. Hindistonlik muhojirlar farzandi Gollivudni yorib kirib, kino ustasiga aylanarkan, o’z ishidan mamnun.
Lina Xonni bir qarashda Gollivud kino ustasi sifatida gavdalantirish qiyin. U hind oilada tug’ilgan amerikalik muslima.
“Ayollarga kino sanoatida ishlashning o’zi qiyin. Ayniqsa, jarayoni boshqarish juda-juda murakkab. Xotin-qizlarning lavozimga erishishi, ishni talab qilishi bu yerdagilar uchun g’ayritabiiy, bunga imkon berishni istashmaydi hatto. Musulmonchilikka kelsak, odamlar hali ham o’yda”, - deydi Lina Xan.
Uning ota-onasi hindistonlik muhojirlar. Janubiy osiyoliklar orasida ulg’aygan Lina, kino sanoatida ishlash qarorini aytganda qo’shnilari uni tanqidga ko’mib tashlagan.
“O’qishni boshlaganimda “bunaqa ahmoqona sohaga o’qishning nima keragi bor”, demagan odam qolmagan edi mahallamizda”, - deydi Lina Xan.
Nima bo’lishidan qat’iy nazar, u “Yo’lbars ovchisi” (“The Tiger hunter”) kartinasi uchun mablag’ topishning uddasidan chiqdi.
2017-yilda ekran yuzini ko’rgan kartina Hindistondan AQShga kelgan muhojir yigit haqida. Kartinaning muvaffaqiyati Linani kamsitganlarni hayratda qoldirdi.
“Musulmonlar, janubiy osiyoliklar hikoyasi ham haqiqiy qadr-qimmatga loyiq ekaniga ishonmas ekan-da”, - deydi u.
““Falonchi unaqa debdi, bunaqa debdi”, degan gap chiqsa, ayniqsa ijobiy fikr bergan odam oq tanli bo’lsa, hatto taajjublanishadi. Immigrantlar ishini kimdir ijobiy baholasagina, keyin o’zlari ham tan olishadi”, - deydi u.
Lina Xanning bu kartinasi muvaffaqiyat qozonishiga nafaqat muhojirlar haqida ekani, siyosiy maydondagi muammolarni yoritgani ham sabab bo’ldi.
“Musulmonlarni AQShga kiritmaslik farmoni va film bir paytda chiqdi. Mutlaqo tasodif bu. Yaxshi emasu, lekin aynan nishonga tegdi”, - deydi Lina Xan.
“Yo’lbars ovchisi” kartinasi uning kar’yerasi muvaffaqiyatli boshlanishiga turtki bo’ldi.
Linda o’z ustida ishlab orzularini amalga oshirish harakatida. U Gollivud filmlari uchun ssenariy yozish va prodyuserlik qilish niyatida.
“Ishimni yaxshi ko’raman, qadri borligini his qilaman. Zavqlanib ijod qilaman. O’zimni iymonli inson deb bilaman. Kun oxirida sarhisob qilaman, qolganini xudoga solaman”, - deydi Lina Xan.
Ayni damda u “Disney” kompaniyasi bilan televizion komediyalar ustida ishlayapti.