AQShda oq irqchilarning “Identity Europe” guruhi o’z bo’limlarini ikki martaga ko’paytirdi.
“Atomawaffen” deb nomlanuvchi yana bir neonatsistlar guruhining bir dona idorasi 27 taga yetdi.
“The Right Stuff” tashkiloti esa oq tanli millatchilar uchun 34 ta mahalliy bo’limlarini ochishga muvaffaq bo’ldi.
2018-yilda irqchi-millatchi guruhlar soni rekord darajaga yetgan. Alabama shtatida joylashgan huquqni himoya qilish tashkiloti o’tgan yilda 1020 ta ana shunday guruhlar faoliyat yuritganini ma’lum qildi. Ularning soni 2017-yilga nisbatan yetti foizga oshgan.
Irqchi guruhlarning son bo’yicha bundan avvalgi rekordi 2011-yilda kuzatilgan edi. Ilk qora tanli prezident Barak Obama davrida kuchaygan e’tiroz natijasida irqchi-millatchi guruhlar 1018 taga yetgan.
O’sish nafaqat oq, balki qora tanli irqchi guruhlarda ham qayd etilgan. Oq tanli irqchi-millatchi guruhlar soni 100 tadan 148 taga oshgan. Qora tanli irqchilar guruhlari, jumladan, antisemit, noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega qatlamlar va oq tanlilarga qarshi jamoalar soni 233 tadan 264 taga yetgan.
Millatchi guruhlar so’nggi to’rt yil mobaynida muntazam o’smoqda. Prezident Donald Tramp davrida ularning soni 30 foizga oshgan. Barak Obama prezidentligi davrining so’nggi uch yilida qisqargan irqchi-millatchilar soni Tramp davrida o’sishdan to’xtamadi. Millatchilik bilan bog’liq jinoyatlar soni ham ortgan. Jumladan, qora tanlilar, yahudiylar, musulmonlar va boshqa ozchilikni tashkil etuvchi qatlam vakillariga nisbatan zo’ravonliklar ham 30 foizga ko’paygan.
Kaliforniya shtati universiteti Millatchilik va ekstremizmni o’rganish markazining ma’lum qilishicha, o’tgan yili nafratga oid jinoyatlar soni o’sishda davom etgan. Mamlakatning 30 ta shahrida irqchilik-millatchilikka asoslangan jinoyatlar qayd etilgan. Ularning aksariyati zo’ravonliklardan iborat, ba’zan qotillik sodir etilgan holatlar ham bo’lgan.
“Ta’kidlash joizki, jinoyatlar har doim ham irqchi-millatchi guruh a’zolari tarafidan sodir etilmaydi. Biroq ularning targ’iboti, g’oyaviy ta’siri oqibatida fuqarolarning jinoyatga qo’l urishi holatlari ham qayd etilgan”, - deydi Razvedka loyihasi direktori Xaydi Beyrix.
“Prezident Trampning immigrantlar va musulmonlarga qarshi bayonotlari oq tanli aholining millatchilik kayfiyatini oshirib yubordi”, - deydi Beyrix.
Tug’ilishlarni ro’yxatga olish byurosining hisob-kitobiga ko’ra, 2020-yilda AQShda tug’iladigan chaqaloqlarning yarmidan ortig’i oq tanli bo’lmaydi. AQShning oq tanli aholisi 2044-yilga kelib, ozchilikni tashkil etuvchi qatlamga aylanishi mumkin.