Kim Chen Un yadroviy dasturini kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining Vyetnamda o’tgan ikkinchi uchrashuvida tomonlar kelishuvga erisha olmadi. Kim Chen Un yadroviy dasturdan voz kechishni istamadi. Samarasiz yakun topgan sammit ortidan Vashington o’z pozitsiyasini keskinlashtirmoqda. Vashington sanksiyalarni bekor qilishi uchun Shimoliy Koreya yadroviy qurollaridan voz kechishi shart. AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus elchisi ana shunday bayonot berdi.

AQSh Shimoliy Koreyaning yadroviy qurollanishiga doir nizoni uzil-kesil hal qilmoqchi.

Prezident Donald Tramp Kim Chen Un bilan so’nggi uchrashuv oldidan murosa qilishga intilgan edi.

AQShning Shimoliy Koreya bo’yicha maxsus elchisi masalani ko’ndalang qo’ydi.

“Yadroviy qurolsizlanishni bosqichma-bosqich amalga oshirishni qabul qilmaymiz. AQSh hukumati bu borada yakdil”, - deydi elchi Stefen Bigan.

Kim yadroviy dasturining ayrim qismlarini to’xtatishga tayyor ekanini bildirgan. Buning uchun AQShdan sanksiyalarni olib tashlashni talab qilgan edi.

Pxenyan o’z talabini yangi raketa sinovlari tahdidi bilan keskinlashtirishga urinmoqda.

Sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlarga ko’ra, Shimoliy Koreya raketa uchirish kompleksini qayta qurgan. Ballistik raketa yig’ish faoliyatini kuchaytirgan.

“Bu so’nggi sammitdan keyingi agressiya. Navbatdagi muzokara uchun bosimni oshirishga urinish. Bu ularning odatiy usuli”, - deydi AQShning BMTdagi sobiq vakili Bill Richardson.

Vashington Simoliy Koreyaning raketa sinovlariga qanday javob qaytaradi?

“Kim Chen Undan ranjigan bo’lardim. Umid qilamanki, ranjitmaydi. Buni vaqt ko’rsatadi”, - deydi Tramp.

Tramp-Kim munosabatlari muammoni hal etishga qodirmi? Umid va shubha torozining ikki pallasida.