Qo'shma Shtatlar Qozog'istonda rahbariyat tinch yo'l bilan yangilanganini olqishlab, yangi Prezident Qosim-Jo'mart Tokayev bilan yaqindan ishlashga shay ekanini bildirmoqda. Ikki davlat orasidagi strategik sheriklik ortida xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, savdo va sarmoya singari mushtarak manfaatlar yotadi, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Robert Palladino.
Vashington mustaqil Qozog'istonning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyevdan minnatdor. AQSh nazarida Nazarboyev dinamik va uzoq muddatli hamkorlik uchun zamin yarata oldi. Mintaqaviy va global liderlik bobida namuna bo'la oldi, deydi Palladino.
Nazarboyev atom qurollaridan xoli hudud yaratib, deya qo'shadi u, barqaror va osoyishta hayotni ta'minlashga harakat qildi. AQSh Nazarboyevning Qozog'iston zamonaviy, suveren va farovon davlat bo'lishi yo'lida qilgan xizmatini yuqori baholaydi.
Amerikalik ekspertlar ham bu borada Nazarboyevni maqtar ekan, boshqa jihatlarga ham urg'u beradi. Ya'ni Nazarboyev avtoritar rahbar bo'ldi va tuzum hamon shu uslubda, shuningdek, respublika G'arb orzu qilganidek, demokratik sistemaga aylanmadi. Iqtisod bugungi kunda ancha orqaga ketgan.
Qozog'istonda ijtimoiy tafovut keng. Hukumatdan norozilik xavfsizlik organlari tomonidan bosib turilibdi. Siyosiy erkinlik haqida gapirish qiyin. Vashington Qozog'istondagi vaziyatni yuzaki baholamoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar, inson huquqlariga e'tibor past.