Toshkent va Dushanbe munosabatlari yaxshilanar ekan, Tojikistondagi o‘zbeklar jamiyati o‘z faoliyatini jonlantirishga harakat qilmoqda.
Shu maqsadda So‘g‘d viloyati O‘zbeklar jamiyati yig‘ilib, navbatdan tashqari konferensiya o‘tkazdi. Jamiyat - jamoatchilik tashkiloti.
Konferensiyada So‘g‘d viloyatining shahar va tumanlaridan yig‘ilgan 44 a’zo va 18 ziyoli qatnashib, tashkilotning yangi raisini sayladi. Shuningdek, kelgusida qilinadigan ishlarning taxminiy rejalari muhokama qilindi. Tashkilot ilmiy-badiiy kengash tashkil etib, o‘zbek tilida chop etilayotgan kitoblar sifatini hamda gazeta, jurnallar tilini nazorat qilmoqchi. Konsertlar uyushtirish, tashkilot qoshida kutubxona yaratish ham rejalanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
So‘g‘d viloyati O‘zbeklar jamiyatining yangi saylangan raisi Farhod Abduvalizoda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda asosiy vazifalarni shunday izohladi:
"Jamiyatning birinchi oldiga qo‘ygan maqsadi, bir necha yillik tanaffusdan keyin ishlarni jonlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik-hamkorliklarni yana ham mustahkam qilish, o‘zbek tilida chop bo‘layotgan kitoblar saviyasini ko‘tarish, konsertlar tashkil qilish, joylarda ziyolilar bilan uchrashuvlarni tashkil qilish, xalqlar do‘stligini, Tojikistonda yashayotgan barcha millatlar bilan birgalikdagi do‘stlik masalalarini mustahkamlash".
Abduvalizoda oxirgi yillarda jamiyat ishlari juda susayib qolganini ta’kidlab, 2019-yildagi rejalarni e’lon qildi.
"To‘g‘risi, viloyat o‘zbeklar jamoatchilik tashkilotining faoliyati sustlashgani hammamizga ayon. Nekrasov aytadiki, "O‘z vaqtida aytilmagan haqiqat yolg‘ondan yomon!" (I. S. Turgenyev aytadi – "Amerika Ovozi"). Shuning uchun, bu bor haqiqat! Hammamiz bilamizki, tashkilot faoliyati susayib, faqatgina "Qadriyat" gazetasi faoliyati amalda edi. Iqtisodiy hamkorliklar, madaniyat sohasidagi hamkorliklar judayam sustlashib ketgan edi. Bugungi majlisga yig‘ilishimizdan asosiy maqsad ham o‘sha ishlarni jonlantirish", - deydi u.
O‘zbeklar jamiyati faoli, qariyb 30 yil oldin jamiyatga asos solgan professor Hamid Po‘latovning o‘g‘li, siyosatshunos olim, Xo‘jand davlat universiteti professori Asliddin Po‘latovning aytishicha, o‘zbeklar jamiyati faoliyati Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari munosabati bilan uyg‘un.
"O‘zbek jamiyati faoliyatining susayishiga yoki faollashishiga ham obyektiv, ham subyektiv sabablar bor edi. 9-mart kuni ikki prezident uchrashuvining bir yilligini vaqti keldi. O‘zbeklar jamiyati a’zolari, faollari ham jamiyatdan ancha uzoqlashdi. Chunki biz o‘zimiz ham joylarga borib odamlar bilan uchrashmas edik. Lekin bugun shunaqa imkoniyat paydo bo‘ldiki, biz bu ishlarni jonlantirishimiz kerak. Bu bizning otamiz, Po‘latov qilgan xizmatlar, o‘sha vaqtda hukumatni qo‘llab-quvvatlar edilar. Millat peshvosi, prezidentni qo‘llab-quvvatlar edilar. Dadam bevosita Milliy kelishuvga a’zo edilar. Jamiyatning nufuzi juda baland edi, lekin bora-bora shunday bo‘ldi. Lekin shu bugun vaziyat shunday bo‘ldiki, biz ishni jonlantirishimiz kerak. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni, bordi-keldini. Shu bu yil rektorimiz tashabbusi bilan O‘zbek filologiyasi fakulteti yana qaytadan tiklandi. Fakultet yo‘q bo‘lib ketgan edi, umuman yo‘q edi. Hozir (O‘zbekistondan) 700 nafar talaba qabul qilgan bo‘lsak, yana rektorimiz har bir fakultetda ikkitadan o‘zbek guruhlari ochilsin, deb farmon berdilar. Mana endi imkoniyat paydo bo‘ldi, bunaqa imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak", - deydi Po‘latov.
O‘zbek ziyolisi, jurnalist va yozuvchi O‘rinboy Usmonov oldingi yillarda ham imkoniyatlar bor edi, degan fikrda. U 2018-yilning sentabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan "Captiva" avtomashinasi sovg‘a qilib olgan tojikistonlik o‘zbek bog‘boni Kamolhoji Madumarovni bunga misol qilib ko‘rsatadi.
"Oldingi yillar ishlash qiyin bo‘ldi, to‘g‘ri bu ham, lekin o‘sha paytdayam ishlasa bo‘lar edi, ishlaydigan odamlar bor edi. Olimlar ham bor edi, shoirlar ham, ijodkorlar, ishbilarmonlar ham bor edi. Masalan, o‘sha uzumchi ota – Prezident o‘zlari qo‘ltiqlab olib yurgan, o‘zbekchayam gaplashgan ota, ishladilar-ku! Katta bog‘ yaratdilar-ku! Hatto O‘zbekiston Prezidentining ham e’tiborlariga tushib, unga katta bir mashina sovg‘a qildilar. Faqatgina ishlamaydigan odam bahona qidiradi, ishlaydigan odam ish qidiradi. Har qanaqa sharoitda ham topa oladi, har qanaqa sharoitda ham", - deydi Usmonov.
So‘g‘d viloyati o‘zbeklar jamiyati jamoatchilik tashkiloti o‘tgan asrning 90-yillari boshida o‘zbek siyosatshunos olimi Hamid Po‘latovning yelib-yugurishlari natijasida tashkil etilgan. Jamiyat viloyatning har bir shahar va tumanida o‘z bo‘limlariga ega edi.
2000-yillarda O‘zbekiston va Tojikiston davlatlarining munosabatlari sovuqlashishi ortidan bu tashkilot faoliyati ham sustlashib qolgan edi.