Muxolifatdagi siyosatchi va shoir Muhammad Solihning O’zbekistonda musodara qilingan kitoblari diniy ekstremizm bo’yicha ekspertizadan o’tkazilishi kutilmoqda. Bu kitoblar O’zbekistonga kirish paytida aeroportda shoir Mahmud Rajabdan olib qo'yilgan edi. Mahmud Rajabning aytishicha, u Prezident Shavkat Mirziyoyevning uyg’onish haqidagi xitobidan ilhomlangan. Mamlakatda Muhammad Solih kitoblariga taqiq qo’yilmagan, deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Istanbuldan O’zbekistonga uchib kelgan shoir Mahmud Rajab 26-mart kuni Toshkent aeroportida tintuv qilingan, undan muxolafatdagi shoir Muhammad Solih ijodiga mansub adabiyotlar, shuningdek shaxsiy qo’l telefoni olib qo’yilgan.
Voqeadan bir necha kun o’tib Mahmud Rajab Xorazmdagi uyidan Toshkentga, bojxona idorasiga chaqirildi, ammo unga tintuv va musodara qilingan adabiyotlar yuzasidan qanday xulosa chiqarilgani haqida hech qanday izoh berilmadi.
“1-aprel dushanba kuni soat 10.00 da Toshkent aeroportining bojxona bo’limiga borishim kerak ekan, bu xabarni menga shanba kuni aytishdi. Bojxona bo’limidan Husan Boboniyozov degan yigit telefon qildi. Men unga bir necha savollar berdim, qayerga borishim, xulosa qanaqa ekanligi haqida. U biz sizga oldindan hech narsa ayta olmaymiz, deb javob berdi. Ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketishidan xavfsiradi, meningcha. Uning aytishiga qaraganda, bojxona idorasiga faqat mening bir o’zimni olib kiradi, o’sha yerda ish bilan tanishaman. Xullas, o’sha kuni yetib borish uchun menda imkoniyat yo’q edi, qolaversa u yerga himoyachisiz borish mumkin emasligi yuzasidan shubha ham paydo bo’ldi. Chunki shanba kuni telefon qilib, dushanba kuni yetib keling deyapti, dam olish kunlari biror advokat topish mushkulligini yaxshi bilishadi”, - deydi Mahmud Rajab.
Mahmud Rajabdan bojxonadagi tintuv paytida olib qo’yilgan kitoblar Muhammad Solihning she’riy to’plamlari, turli yillarda yozilgan badiiy-publisistik asarlaridan iborat bo’lgan.
Bu adabiyotlar ichida birorta diniy asarlar bo’lmagan, ammo bojxona xodimlari bildirgan da’voga ko’ra, muxolifatchi shoirning asarlari diniy idora ekspertizasidan o’tkazish uchun olib qolingan.
Shoir Mahmud Rajab badiiy adabiyotning diniy idora ekspertizasidan o’tkazilishini mantiqqa zid deb baholaydi.
“U yerda 28 kitob, sakkiz nomda, Muhammad Solihning badiiy-pulisistik maqolalari, she’rlari bor. U yerda diniy mavzudagi adabiyot yo’q. Muhammad Solihning “Payg’ambarlar tarixi” degan to’rt tomlik jamlanmasi bor; u yerda bu kitoblarning birortasi yo’q. Ammo ular bu adabiyotni diniy qo’mitaga beramiz, diniy ekstremizm bo’yicha ekspertizadan o’tkazish uchun, keyin qaytarib olishingiz mumkin, deb aytishdi. Men hayronman, rosa tortishdim, bu kitoblar diniy emas badiiy adabiyot ekanligi, nima sababdan buni diniy idora ko’rib chiqishi lozimligi haqida”, - deydi Mahmud Rajab.
Mahmud Rajab 3-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi. Shoir bu murojaatda tintuv davomida o’ziga nisbatan ko’rsatilgan tahdidlarga to’xtaldi va Muhammad Solihning kitoblari O’zbekistonda taqiqlanganiga doir biror qaror mavjud emasligni ta’kidlab, olib qo’yilgan adabiyotlar qaytarilishini so’radi.
“Murojaatdan maqsad prezidentimizni bojxonadagi ayrim voqealardan ogohlantirib qo’ymoqchiman. U yerda qonundan tashqari, inson shaxsini pisand qilmaydigan darajada munosabat ko’rsatadiganlar ham bor, albatta, hammasi emas. Men shundan noroziman, agar hammasi inson huquqlariga oid amalga oshganda edi, bu murojaatni yozmagan bo’lar edim. Qolaversa, meni bu kitoblarni olib kelishga undagan narsa prezidentimizning uyg’oninglar degan gapi edi. Shu gapdan qattiq ta’sirlandim, chunki Muhammad Solihning kitoblari xalqimizning uyg’onishiga yaxshi ta’sir ko’rsatadi, shu kungacha bu kitoblarning yo’li to’silgan edi. Hozir bularni o’qish mumkin, bunga taqiq yo’q. Faqat eskicha qarashdagi ayrim amaldorlar va yangi fikrdagi taraqqiyparvar kuchlar o’rtasida tushunmovchiliklar bor, yaqin kunlarda bular ijobiy hal bo’lar”, - deydi Mahmud Rajab.
O’zbek adabiyotining atoqli vakillaridan biri shoir Muhammad Solih uzoq yillardan buyon Turkiyada siyosiy quvg’inlikda yashaydi.
Muhammad Solih siyosiy faoliyati bois, muxolafatdagi “Erk” partiyasiga asos solishi, prezidentlik saylovlarida muxolif nomzod sifatida qatnashishi ortidan marhum prezident Islom Karimov hukumati tazyiqlariga uchragan, keyinroq mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan edi.