AQSh NATOni Xitoy va Rossiyaga e'tiborni oshirishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashingtonda o'tgan NATO yig'inida.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashingtondagi sammitda qatnashgan NATO tashqi ishlar vazirlarini yangi tahdidlarga qarshi kurash strategiyasini o'zgartirishga chaqirdi. Tahdid sifatida u Rossiya bosqini va Xitoyning "strategik raqobati"ni alohida tilga oldi.

O'tgan 70 yil davomida NATO harbiy tahdid sifatida, dastlab, Sovet Ittifoqini, so'ng Rossiyani ko'rdi.

Pompeoning ogohlantirishicha, bugun yangi xavflar paydo bo'lmoqda. AQSh adolatli biznes, yaxshi mahsulotlar va g'oyalar bilan raqobat qilishga tayyor, lekin Xitoy bunday yo'l tutmayapti, dedi u.

"Milliy xavfsizlikni o'z ichiga oluvchi munosabat olib borish mutlaqo boshqa narsa. Biror davlat bozor narxidan past bo'lgan qiymatda o'z mahsulotini taklif qilsa, bu yerda nimadir bor, degan savolni o'rtaga tashlash kerak. Bu qadar yaxshi taklifning mavjudligi shubhali", - dedi Pompeo.

Vitse-prezident Mayk Pens bu fikrlarga qo'shiladi. Xitoyning oson mablag' berayotgani yevropalik hamkorlarimizni sergak torttirishi kerak, dedi u.

"Xitoyning ta'sirini yoyayotgani bu masalaga Amerika ko'proq e'tibor va resurs ajratishi kerakligini taqozo qiladi. Biz bunga javob berar ekanmiz, yevropalik hamkorlarimiz ham transatlantik ittifoqimiz qudratini saqlab qolish uchun ko'proq hissa qo'shishi kerak", - dedi Pens.

Ba'zi tahlilchilar Xitoyning NATO uchun Rossiyadan ko'ra kattaroq tahdid ekani haqidagi da'volar bo'rttirilgan deb hisoblaydi. Lekin Pekinga doir xavotirlar asosli, deydi Brukings instituti tadqiqotchisi Jeyms Kirchik.

"Xitoy bo'lib tashlab, hukmronlik qililshga urinyapti va Yevropa kontinentida ta'sirini yoyomoqda. Lekin Rossiya qo'llagan uslubda emas. Bilasiz, Rossiya dezinformatsiya, kiber xuruj va gibrid urushlar orqali Yevropa va Amerika siyosatiga aralashyapti. Lekin Xitoy Rossiyanikidek strategiya qo'llamayapti", - deydi u.

Vashingtonda o'tgan yig'inda NATO tashqi ishlar vazirlari o'sib kelayotgan yangi tahdidlarga qarshi birga kurashishga kelishib oldi.