AQSh Prezidenti Donald Tramp “Alibaba”, “Amazon” va “eBay” kabi onlayn platformalarda qalbaki mahsulotlar savdosini taqiqlashga doir memorandumni imzoladi.
“Prezident qalbaki mahsulotlar va noqonuniy savdoga qarshi kurash bugunning dolzarb masalasi deb hisoblaydi”, - deydi Savdo va sanoat siyosati boshqarmasi rahbari Piter Navarro.
Internet orqali taklif etilayotgan qalbaki mahsulotlar farmatsevtik preparatlardan tortib nufuzli firmalarning sport poyafzallarigacha bo’lgan keng assortimentga ega. Prezident Tramp soxta mahsulot ishlab chiqarayotgan va ularni sotayotgan tomonlarga keskin choralar qo’llashga shoshilmayapti. Imzolangan hujjatda Ichki ishlar vazirligining Adliya vaziri, AQSh Savdo vakili, Tijorat departamenti va boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda muammoni izchil o’rganib, 210 kun ichida hisobot va tavsiyalarni taqdim etishi nazarda tutilgan.
Navarroning aytishicha, noqonuniy savdo hajmi aniq emas. Taxminlarga ko’ra, onlayn savdoga qo’yilgan mahsulotlarning yarmiga yaqini qalbaki.
Afsuski, Bojxona va chegara xavfsizligi xizmatining mamlakatimizga onlayn savdo orqali kirib kelayotgan xavfli opioidlar kabi noqonuniy mahsulotlarni nazorat qilishga qodir kadrlari yetarli emas, deydi Navarro.
Yiliga yarim trillion dollarlik noqonuniy mahsulotlarni sotayotgan onlayn platformalarga qarata “Agar o’zingiz buni to’xtatmasangiz, hukumat bunga nuqta qo’yadi”, deya murojaat qildi Navarro.
Turli mamlakatlarning bojxona xizmatlari o’tkazgan so’rovlari natijasiga ko’ra, eng ko’p qalbaki tovarlar poyafzal, charm buyumlar, informatsion texnologiya mahsulotlari va kiyim-kechaklardan iborat. Pochta xizmatlari qalbaki mahsulotlarni xaridorlarga yetkazib berishning eng keng tarqalgan usuli.
Navarroga ko’ra, xaridorlarni milliardlab dollarlarga chuv tushirayotgan noqonuniy savdo mahsulotlari milliy xavfsizlikka ham tahdid solmoqda. Chunki ular harbiy sohaga oid mahsulotlarni yetkazib beruvchi tizimni ham zabt etishga urinmoqda.
AQShning eng yirik onlayn savdo platformasi “Amazon” bayonot berib, o’z tizimiga qalbaki mahsulotlar aralashmasligi uchun keskin chora-tadbirlarni qo’llashini ma’lum qilgan. Onlayn xarid uchun jahonda eng ko’p murojaat qilinadigan “Alibaba” ma’muriyati ham intellektual mulkni himoyalash va qalbaki tovarlar savdosini yo'qotish uchun ilg’or texnologiyalarni qo’llayotganini aytmoqda. Xitoy kompaniyasi, shuningdek, AQSh ma’muriyatining qalbaki tovarlar savdosiga qarshi global kurash tashabbusini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqining intellektual mulk tashkilotlari taqdim etgan hisobotga ko’ra, qalbaki mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha e’lon qilingan 10 kategoriyaning to’qqiztasida Xitoy yetakchilik qiladi. Jumladan, eng chaqqon savdo kategoriyasi hisoblangan qalbaki poyafzallar dunyo miqyosidagi umumiy buyumlar savdosining 27 foiziga teng.
Muxbirlarning noqonuniy mahsulotlar o’sishi AQSh-Xitoy savdo urushi natijasimi, degan savoliga Navarro “Munosabatlarning bunga hech qanday aloqasi yo’q”, deb javob bergan.